Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Bola huquqlari bo‘yicha vakil: Bolalarga nisbatan zo‘ravonlikni to‘xtating! Har bir bola zo‘ravonlikdan himoyalanish huquqiga ega.
Ijtimoiy tarmoqlarda joriy yilning 29 mart kuni nomaʼlum ayol farzandlariga ozor berayotgani aks etgan videolavha tarqaldi. Qoraqalpog‘istonda ayol turmush o‘rtog‘i bilan o‘zaro kelishmovchilik sababli, ikki qizini ayovsiz do‘pposlab, ularga azob berib kelgan ayolga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Biz jamiyat sifatida bu haqiqatni qabul qilmasligimiz kerak. Biz ota-onalarning farzand tarbiyasi uchun masʼuliyatini kuchaytirishimiz, bolalarni shafqatsiz muomala va zo‘ravonlikdan asrash uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishimiz kerak.

Biz nafaqat kuzatamiz, balki darhol vakolatli organga murojaat qilamiz va qanday choralar ko‘rilayotganini nazorat qilamiz. Eʼlon qilingan videoni ko‘rishim bilanoq, bu videoni Respublikamizda tashkil etilgan Bolalarni himoya qilish masalalari shoʻbasining telegram kanaliga yubordim. Chunki ushbu organ u bolalarni himoya qilish, ota-onalarini javobgarlikka tortish, shu jumladan ularning kelajakdagi taqdiri bilan bog‘liq barcha masalalar bilan bevosita shug‘ullanadi.

Hozirda onaga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgani haqida maʼlumot berildi. Lekin shu bilan birga, hech narsa ota-onalar tomonidan bolalarga nisbatan zo‘ravonlikni oqlay olmaydi.

Zo‘ravonlik nafaqat bolalarning omon qolishi va sog‘lig‘iga, balki ularning hissiy farovonligi va kelajak istiqbollariga ham tahdid soladi. Agar bola erta yoshda, tana va miya rivojlanishining muhim bosqichida zo‘ravonlikni boshdan kechirgan yoki guvohi bo‘lgan bo‘lsa, salbiy oqibatlar qaytarilmas bo‘lishi mumkin. Zo‘ravonlik bolalarning jismoniy va ruhiy salomatligiga taʼsir qiladi, ularning taʼlim olish va ijtimoiylashuv qobiliyatini pasaytiradi, psixologik jihatdan sog‘lom voyaga yetishishlari va yaxshi ota-onalar bo‘lib shakllanishlariga to‘sqinlik qiladi.

Afsuski, oilada bolalarga nisbatan zo‘ravonlik, ijtimoiy norma hisoblanib qolmoqda. Ko‘pincha uning oqibatlari muhokama qilinmaydi. Farzandni tarbiyalash uchun zo‘ravonlik zarur, jismoniy kuch jazo sifatida ishlatilishi mumkin, deb hisoblaydigan ota-onalar bor.

Ota-onalarning turmush sharoitining og‘irligi, qashshoq va kambag‘alligi, ularning spirtli ichimliklarni isteʼmol qilishi va o‘z farzandlarini tashlab ketishi hamda migratsiyasi bolalarning qarovsizligi, tahqirlanishi yoki ekspluatatsiyasi xavfini oshiradi.

Bolalar zo‘ravonlik holatlari haqida gapirmaydilar va shuning uchun kamdan-kam hollarda kerakli yordamni olishadi.

O‘zbekiston bolalar huquqlarini, shu jumladan, favqulodda vaziyatlarda himoya qilishga sodiqligini namoyish etmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi tomonidan Bola huquqlari to‘g‘risidagi Konvensiya 1992 yil 9 dekabrida ratifikatsiya qilindi. Davlat o‘z zimmasiga mazkur xalqaro hujjatda qayd etilgan bolalarning barcha huquqlarini, shu

jumladan, jismoniy, ruhiy va jinsiy zo‘ravonliklardan, qiynoqqa solishlardan yoki shafqatsizlik, qo‘pol yoxud inson qadr-qimmatini kamsituvchi boshqa shakllardagi muomaladan, himoya qilish majburiyatini oldi.

O‘zbekiston Respublikasining “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunida bola huquqlarini himoya qilish bo‘yicha davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan biri sifatida (4-modda) bolaning hayoti va sog‘ligini muhofaza qilish, bolaning kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslik, bolaning shaʼni va qadr-qimmatini himoya qilish, bolalar huquqlari va imkoniyatlarining tengligini taʼminlash, bola huquqlari kafolatlarining huquqiy asoslarini takomillashtirish, bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash belgilangan.

Shu bilan birgalikda, ushbu qonunda davlat bolaning barcha shakllardagi kamsitishlardan himoya qilinishini taʼminlash uchun zarur choralarni ko‘rishi (7-modda), har bir bola o‘z shaʼni va qadr-qimmatiga qilingan tajovuzlardan, shaxsiy hayotiga g‘ayriqonuniy aralashuvlardan himoyalanish huquqiga egaligi, davlat jismoniy, ruhiy va jinsiy zo‘ravonlikdan, qiynoqlarga solishdan yoki shafqatsiz, qo‘pol yoxud inson qadr-qimmatini kamsituvchi boshqa shakldagi muomaladan himoya qilinishini amalga oshirishi belgilangan.

Yaqinda YUNICEF Bolalar huquqlari bo‘yicha vakil bilan hamkorlikda trening tashkil etdi. U “O‘zbekistonda bolalarni himoya qilish sohasida favqulodda vaziyatlarga tayyorlikni oshirish” keng ko‘lamli loyihasining bir qismi bo‘ldi.

Bunda Bolalarni himoya qilish masalalari shoʻbasi xodimlari uchun treninglar tashkil etildi.

Bizga yoki ommaviy axborot vositalarida bolaga nisbatan zo‘ravonlik yoki shafqatsiz munosabatda bo‘lgan bironta ham holat bizning eʼtiborimizdan chetda qolmaydi!

Eng yomoni, bolaning huquqlari, afsuski, reallik ko‘rsatganidek, ota-onalar va boshqa yaqin qarindoshlar tomonidan poymol etilmoqda.

Shu o‘rinda Davlat organlari va boshqa tashkilotlar, shuningdek fuqarolar bolalarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilganligi to‘g‘risidagi maʼlumotlar xususiyatidan kelib chiqib masʼul organlarni (prokuratura, ichki ishlar, sog‘liqni saqlash, taʼlimni boshqarish, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish, Bola huquqlari bo‘yicha vakil, Bolalar masalalari bo‘yicha milliy komissiya, Bolalarni himoya qilish masalalari shoʻbasi va boshqa shu kabi) zudlik bilan xabardor qilishlari lozim.

Ayniqsa, bolalarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilganligi to‘g‘risidagi maʼlumotlar ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirilishi va tarqatilishi hamda ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinishidan oldin masʼul organlarga xabar berilishi maqsadga muvofiq bo‘lardi. Chunki bolalar mavzusining ommaviy axborot vositalarida yoritishning o‘ziga xos etikasi va qonun-qoidalari, talablari bor. Jabrlangan bolalarni tanish mumkin bo‘lgan maʼlumotlar berilmasligi kerak.

Bola huquqlari bo‘yicha vakil A.Yunusova