Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
O‘zbekiston taraqqiyotida parlamentdagi ayollarning roli
Joriy yilning 13 aprel kuni poytaxtimizda “O‘zbekiston taraqqiyotida parlamentdagi ayollarning roli” mavzusidagi ikkinchi forum bo‘lib o‘tdi. Tadbir Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo‘yicha respublika komissiyasi, Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi hamda YEXHT bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Unda senatorlar va deputatlar, mahalliy Kengashlar deputatlari, Yoshlar parlamenti aʼzolari, davlat organlari va jamoat tashkilotlari mutasaddilari, xalqaro tashkilot hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda Oliy Majlis Senati Raisi T.Narbayeva nutq so‘zlab, so‘nggi yillarda mamlakatimizda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar yaratish, jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda ularning to‘laqonli ishtirok etishini taʼminlash, ularni ijtimoiy-iqtisodiy hamda huquqiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotganini taʼkidlab o‘tdi.

Aytish joizki, shu kunga qadar respublikamizda bu sohada xalqaro huquq normalari va standartlarga muvofiq 2 ta qonun, 40 ga yaqin qonunosti hujjatlari qabul qilingan.

Bugungi kunda parlamentda xotin-qizlar soni BMT tomonidan belgilangan tavsiyalarga mos darajada bo‘lib, 32 foizni tashkil etmoqda. Xotin-qizlarning boshqaruv lavozimidagi ulushi 27 foiz, siyosiy partiyalarda esa 44 foizga yetdi.

Tadbirda aytib o‘tilganidek, Parlamentlararo ittifoqning 2021 yilgi “Siyosatdagi ayollar” xalqaro reytingida O‘zbekiston xorijiy mamlakatlar orasida 45-o‘rinni egallab, top-50 talikdan joy olgan.

Muhokamalar davomida Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish bo‘yicha belgilab berilgan vazifalarni amalga oshirish va tashkil etishda ayol senator va deputatlarning ishtirokini kuchaytirish, taʼsirchan jamoatchilik nazoratini olib borish, bu jarayonga nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillarini keng jalb etish masalasida ham so‘z yuritildi.

senat.uz