500 o‘ringa mo‘ljallangan tergov hibsxonasida 8 aprel holatiga ko‘ra, 494 nafar mahbus saqlanayotgan edi. Ulardan 464 nafari erkak, 23 nafari ayol va 7 nafari voyaga yetmagan shaxslarni tashkil etadi. Bundan tashqari 20 nafar mahkum xo‘jalik ishlariga jalb etilgani aniqlandi.
Sayyor qabul davomida mintaqaviy vakil tergov hibsxonasida saqlanayotgan sudlanuvchilar kameralarini ko‘zdan kechirib, ular bilan suhbatlashdi va huquqiy tushunchalar berdi. Jamoaviy suhbatlarda yakka-yakka tarzda murojaat qilishni istagan 16 nafar mahbus bilan alohida suhbat uyushtirildi.
5-son tergov hibsxonasida ovqatlanish va davolanish sharoitlari ham o‘rganilganda, tergov hibsxonaning tibbiyot bo‘limida 16 nafar sudlanuvchi borligi va ularning ko‘pchiligi qon bosimi ko‘tarilishi sababli davolanayotgani aniqlandi. Hibsxonadagi dori-taʼminoti ko‘zdan kechirilganda kamchiliklar aniqlanmadi.
Sayyor qabul yakunlariga ko‘ra jami 62 nafar shaxs bilan yakkama-yakka va jamoaviy suhbatlar o‘tkazildi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Axborot xizmati