Tadbirda Oliy sud, Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi, Bosh prokuratura, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, Ichki ishlar, Adliya, Sog‘liqni saqlash, Bandlik va mehnat munosabatlari, Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirliklari vakillari hamda 10 dan ortiq fuqarolik jamiyati institutlari faollari, jumladan Demokratiya va inson huquqlari instituti, “Huquqiy tayanch” jamoat birlashmasi, “Yuksalish” umummilliy harakati, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi, O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati va boshqa nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari va OAV xodimlari ishtirok etishdi.
Mazkur davra suhbatini tashkil etishdan asosiy maqsad - davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasida umumiy muloqot platformasini yaratishdan iborat.
Shuningdek, aholini o‘ylantirayotgan masalalarni vakolatli organlar vakillari bilan bevosita muhokama qilish va bu orqali bir qator muammolarga yechim topish ham mazkur muloqotdan ko‘zlangan asosiy maqsadlaridan biridir.
Tadbirda so‘z olgan ishtirokchilar jahondagi demokratik davlatlar tajribasida fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash orqali ularning davlat boshqaruvidagi ishtirokini oshirish hamda jamoatchilik nazoratini olib borishdagi o‘rnini oshirishga alohida eʼtibor berilishini qayd etishdi.
Davra suhbatida taʼkidlanishicha Oliy Majlis Senati va Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) institutining davlat boshqaruvi organlari va fuqarolik jamiyati vakillari o‘rtasida ochiq muloqot tashkil etish tashabbusi uchinchi sektor vakillarining o‘z faoliyatlari davomida duch kelgan, aholini o‘ylantirayotgan masalalarni vakolatli organlar vakillari bilan bevosita muhokama qilish imkoniyatini yaratdi. Qayd etish lozimki, bu kabi muloqotlar inson huquq va erkinliklarini taʼminlash yuzasidan mavjud kamchiliklarni davlat organlarining vakolatli vakillariga yetkazish va bu orqali tegishli sohalarning isloh qilinishiga xizmat qiladi.
Davra suhbati yakunida tadbir ishtirokchilari tomonidan insonning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarini himoya qilishda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligini yana-da taʼminlash orqali ularning fuqarolik jamiyati institutlari bilan o‘zaro hamkorlik samaradorligini oshirish, jamoatchilik nazoratini yana-da kuchaytirish yuzasidan taklif va tavsiyalar bildirildi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Axborot xizmati