Xalqaro konferensiya “Samarali parlament nazorati mexanizmlarini joriy etishning dolzarb masalalari: O‘zbekiston va xorijiy davlatlar tajribasi” mavzusiga bag‘ishlandi.
Unda xalqaro tashkilotlardan – Germaniya Federativ Respublikasi Bundestagi (parlamenti) sekretariati, Isroil Knesseti (parlamenti) Tadqiqot va axborot markazi, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti devoni moddiy-texnika taʼminoti bo‘limining «Parlamentarizm instituti» xo‘jalik yuritish huquqiga ega respublika davlat tashkiloti, Qirg‘iziston Respublikasi Jogorku Keneshi Ilmiy-tadqiqot markazi va USAIDning O‘zbekistonda Huquqiy islohot loyihasi vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda so‘nggi yillarda O‘zbekistonda olib borilayotgan jahon tendensiyalariga mos demokratik islohotlar jarayonida parlamentning, xususan, parlament nazoratining davlat va jamiyat hayotidagi o‘rni va ahamiyati yana-da oshgani qayd etildi.
Maʼlumki, “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining 1 moddasiga ko‘ra, Ombudsmanga davlat organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va mansabdor shaxslar tomonidan inson huquqlari hamda erkinliklari to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan parlament nazoratini taʼminlash vakolatlari berilgan.
Shu kunga qadar Ombudsman o‘zining qonuniy vakolatlaridan samarali foydalangan holda, Parlament nazorati subyekti sifatida fuqarolardan kelgan murojaatlarni o‘z nazoratiga olmoqda. Ushbu murojaatlarni ko‘rib chiqish va hal etish bo‘yicha tegishli davlat organi va idoralariga Ombudsman murojaati, xulosalari va taqdimnomalari kiritib borilmoqda.
Parlament nazorati bo‘yicha mavjud huquqiy asos va amaliyot yaxshi natija bermoqda, lekin bu uni takomillashtirishga zarurat yo‘q degani emas. Albatta, Parlament nazoratining xalqaro tajribada o‘zini oqlagan yangidan yangi shakllarini o‘zlashtirish foydadan holi bo‘lmaydi – dedi tadbirda so‘z olgan Inson huquqlari bo‘yicha Ombudsman Feruza Eshmatova
Shu bois anjumanda Oliy Majlis palatalari tomonidan parlament nazoratini amalga oshirish tajribasini, parlament nazoratini amalga oshirish mexanizmlariga oid ilg‘or xorijiy tajribalarni, xorijiy ekspertlarning Yangi O‘zbekistondagi parlament islohotlari yuzasidan fikrlarini o‘rganish yo‘nalishlari qamrab olindi.
Konferensiyada huquqiy davlatchilikni shakllantirish ko‘plab muammolarni bartaraf etish bilan uzviy bo‘lgan murakkab va davomli jarayon ekanligi qayd etildi. Bugungi kunga kelib oddiy bir haqiqat – davlat boshqaruvida keng vakolatga ega bo‘lgan parlamentsiz mamlakatda to‘laqonli demokratiya bo‘lishi mumkin emasligi yaqqol ko‘zga tashlanib qoldi. Bunda parlament xalq manfaatlaridan kelib chiqqan holda, qonunlarning ijro hokimiyati organlari tomonidan to‘liq bajarilishini nazorat qilib borishi mamlakat taraqqiyotida muhim omildir.
Konferensiya ishi asnosida parlament nazoratini amalga oshirish mexanizmlari bo‘yicha mavjud muammolar tahlil qilindi. Shu bilan birga ularning yechimiga doir, parlament nazorati borasida samarali mexanizmlarni joriy etish bo‘yicha milliy va xorijiy ekspertlar, xalqaro hamkor tashkilotlarning fikr-mulohazalari va takliflarini inobatga olgan holda, ilmiy-amaliy tavsiyalar ishlab chiqildi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Axborot xizmati