2020 yilda tashkil etilgan ushbu Maxsus qabulxona 75 nafar shaxsni saqlashga mo‘ljallangan. Monitoring tashrifi o‘tkazilgan kunda u yerda 92 nafar maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslar saqlanayotgani aniqlandi.
Maxsus qabulxonada mahkumlarning advokatlar va yaqin qarindoshlari bilan uchrashuv xonalari mavjud bo‘lib, ular tegishli mebel jihozlari bilan taʼminlangan. Shuningdek, mahkumlarga qarindoshlari bilan telefon orqali so‘zlashishlari uchun ham sharoitlar yaratilgan.
Aniqlanishicha, maʼmuriy qamoqqa olingan shaxslarni mahalliy hokimliklar va boshqa davlat organlari bilan hamkorlikda mehnatga jalb qilish tizimi yo‘lga qo‘yilmagan.
Shu bilan bir qatorda, monitoring davomida maxsus qabulxonada bir qator kamchiliklar aniqlandi va ayrimlari joyida bartaraf etildi. Jumladan, maxsus qabulxonaning yuvinish xonalarining texnik holati qoniqarli, lekin, baʼzi mahkumlarga shaxsiy gigiyena vositalari (sovun, tish pastasi), soqol oladigan uskuna berilmagan. Mazkur holat joyida bartaraf etildi.
Monitoring davomida dori-vositalari taʼminoti, tibbiy bo‘lim xodimlarining malakasini oshirish, kitob zaxiralarini boyitish va eskirgan kitoblarni yangilash bo‘yicha Maxsus qabulxona maʼmuriyatiga tavsiyalar berildi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Axborot xizmati