Tashrif doirasida delegatsiya aʼzolari Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ning Samarqanddagi mintaqaviy vakili, Samarqanddagi Prezident Xalq qabulxonasi hamda Prezident huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil devonining Samarqanddagi qabulxonasi faoliyati bilan yaqindan tanishtirildi.
Taʼkidlash lozimki, Davlat rahbarining 2021 yil 10 sentyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni bilan Ombudsmanning hududlardagi mintaqaviy vakillari doimiy asosda ishlaydigan bo‘ldi va ularning asosiy vazifalari belgilandi.
Bu amaliyot Qozog‘iston va Turkmaniston davlatlari Ombudsmanlari faoliyatida mavjud emas. Shu nuqtai nazardan delegatsiya aʼzolari uchun O‘zbekiston tajribasi bilan tanishish foydali bo‘ldi.
Ombudsmanning hududlardagi mintaqaviy vakillarining asosiy vazifalari sifatida inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishini taʼminlash, inson huquqlari monitoringini tashkil etish va o‘tkazish, fuqarolarning shikoyatlarini qabul qilish va ko‘rib chiqish, ularning buzilgan huquqlarini tiklashda ko‘maklashish o‘z tashabbusi bilan yoki murojaat muallifining iltimosiga ko‘ra, murojaatni ekspertlar, mutaxassislar va manfaatdor tashkilotlar vakillarining ishtirokida ko‘rib chiqishni tashkil qilish, ushlab turilgan, qamoqqa olingan, maʼmuriy jazo o‘tayotgan va ozodlikdan mahrum qilingan shaxslar bilan uchrashuv va suhbatlar o‘tkazish va boshqalar belgilangan.
Shu kuni delegatsiya aʼzolari Samarqand viloyatidagi diqqatga sazovor, tarixiy obida va maqbaralarda ham bo‘lishdi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Axborot xizmati