Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Oliy sud raisining birinchi o‘rinbosari R. Mahmudovaning Markaziy Osiyo davlatlari Ombudsmanlarining I forumining ahamiyati haqidagi fikri 
Forum doirasida Markaziy Osiyo davlatlari Ombudsmanlari o‘rtasida memorandumlar hamda Toshkent deklaratsiyasi qabul qilindi.

Shubhasiz, ushbu nufuzli anjumanning o‘tkazilishi hamda Toshkent deklaratsiyasi qabul qilinganligi inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish kafolatlarini to‘liq taʼminlash borasida mintaqa mamlakatlarimining o‘zaro muloqotini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili instituti mana qariyb 27 yil davomida inson huquqlarini himoya qiluvchi noyob davlat tuzilmasi bo‘lib kelmoqda.

Yevropa davlatlari amaliyotidan farqli o‘laroq, O‘zbekiston Respublikasi Ombudsmanining vakolatlari nafaqat ijro etuvchi organlarining ishini nazorat qilish, balki sudlar, huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan inson huquqlariga rioya qilish va himoya qilish masalalarini ham o‘z ichiga oladi.

So‘nggi yillarda Oliy sud va Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili o‘rtasidagi hamkorlik yana-da keng ko‘lamli bo‘lmoqda.

Jumladan, Ombudsman fuqarolarning murojaatlarini ko‘rib chiqishda, sudlarda kuzatuvchi sifatida ishtirok etmoqda, arz qiluvchining huquqlari va qonuniy manfaatlariga daxldor hujjatlar, qarorlar va boshqa materiallar bilan tanishadi, davlat bojidan ozod qilingan holda, shaxslar manfaatida sudlarga murojaat qiladi.

O‘tgan bir yarim yil davomida Ombudsman sudlarda ko‘rib chiqilgan 130 ga yaqin ishlarda kuzatuvchi sifatida ishtirok etgan.

Sudlarga davlat bojini tulashdan ozod etilgan holda 50 dan ortiq ariza yoki daʼvo arizalari kiritilgan.

Ushbu davrda Oliy sudga Ombudsmandan 3 mingdan ortiq murojaat kelib tushgan, shundan 500 dan ortig‘i kassatsiya tartibida ko‘rib chiqilgan.

Eʼtiborlisi, Vakildan kelib tushgan kassatsiya tartibidagi murojaatlarning 38 foizi qanoatlantirilgan. Ushbu ko‘rsatkich o‘tgan yilgiga nisbatan 26 foizga oshgan. Albatta, bu Ombudsman faoliyatining samaradorligi oshganligidan dalolat beradi.

Bundan tashqari, gender tenglikni taʼminlash, ayollarga nisbatan zo‘ravonlik va tazyiqqa qarshi kurashish, ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo turlarini qo‘llash amaliyoti masalalarida ham samarali hamkorlik amalga oshirilmoqda.

Shu maqsadda, Ombusman va sudlar tomonidan xalqaro ekspertlar, inson huquqlari tashkilotlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida seminar-treninglar hamda konferensiyalar o‘tkazilmoqda.

O‘tkazilgan anjuman – Inson huquqlari bo‘yicha vakilning faoliyati yana-da keng qamrovli bo‘layotganligidan dalolat beradi.

Shu nuqtai nazardan, qo‘shni davlatlar bilan integratsiya jarayonlarining amalga oshirilishi Markaziy Osiyo mintaqasida inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish borasidagi saʼy-harakatlarni birlashtirish uchun juda muhimdir.

Manbaa: sud.uz