Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Markaziy Osiyo davlatlari Ombudsmanlarining I-forumi bo‘yicha xalqaro ekspertlar fikri
Xabaringiz bor, 2022 yilning 28 iyun kuni “O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman), BMTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi, USAIDning O‘zbekistondagi missiyasi, YEXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori, Xalqaro qamoqxonalar islohoti (PRI) tashkilotlari bilan hamkorlikda Markaziy Osiyo davlatlari Ombudsmanlarining I-Forumi o‘tkazilgan edi. Mazkur forum “Markaziy Osiyo davlatlari Ombudsmanlarining inson huquq va erkinliklarini taʼminlashdagi hamkorligi” mavzusiga bag‘ishlandi.

O‘zbekiston Respublikasining tashqi siyosatida Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlik qilish masalasi ustuvor vazifa sifatida belgilangan.

Qayd etish lozimki, Markaziy Osiyo davlatlari Ombudsmanlarining ilk Forumi aynan O‘zbekistonda o‘tkazildi. Bundan buyon ham inson huquqlarining taʼminlanishida tajriba almashish maydoni bo‘lgan mazkur Forum Markaziy Osiyo davlatlarida anʼanaviy ravishda har yili tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Forumda BMTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi koordinatori Astxana Roli Ombudsmanning davlat organlari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va mansabdor shaxslarning inson huquqlari va erkinliklariga oid qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan parlament nazoratini taʼminlashda vakolatga ega ekanligi, barqaror rivojlanish maqsadlariga  erishishda o‘rni katta ekanligiga eʼtiborni qaratdi.

USAIDning O‘zbekistondagi missiyasi direktori Mikaela Meredit ushbu Forumda Markaziy Osiyoning besh davlati Ombudsmanlari mintaqada inson huquqlarini himoya qilishga qaratilgan ikkita muhim hujjat qabul qilinganligini olqishlashini bildirdi.

Xususan, imzolangan ikki tomonlama memorandumlar hamda forum yakunida qabul qilingan Toshkent Deklaratsiyasi O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmanistonning inson huquqlarini himoya qilish, qiynoqlarning oldini olish choralarini ko‘rish va mintaqa fuqarolari orasida inson huquqlari to‘g‘risida huquqiy xabardorlikni oshirishga hissa qo‘shishiga ishonchi komil ekanligini qayd etdi.

Inson huquqlari o‘z-o‘zidan taʼminlanib qolmaydi. Buni Ombudsman institutlari amalda ko‘rsatmoqda.- dedi YEXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori v.b. Xans-Ulrix Im. Qolaversa, mintaqada tinchlik va osoyishtalikni taʼminlashda Markaziy Osiyo davlatlari Ombudsmanlarining o‘zaro hamkorligi muhim ahamiyatga ega. Har bir mamlakat nodir tajribaga ega. Ushbu forumning aynan O‘zbekistonda  o‘tkazilayotgani ham bejizga emas. Chunki so‘ngi yillarda O‘zbekistonda inson huquqlarini taʼminlash sohasida olib borilayotgan chuqur islohotlar boshqa davlatlar uchun ham qiziq. 

Qolaversa, hozirda O‘zbekistonda konstitutsiyaviy islohotlar jarayoni boshlangan va bu muhim siyosiy jarayonda eng avvalo, inson huquqlarining kafolatlanishi, amalga oshirilishi va himoyalanishiga asosiy eʼtibor qaratilmoqda. Shu bilan birga Ombudsman institutining huquqlari kengaytirilayotganligi albatta O‘zbekistonning demokratik rivojlanishi yo‘lida xizmat qiladi.

O‘zbekistonda ayollar va bolalarning huquqlarini himoya qilish va rag‘batlantirish, shuningdek ularga yaratilayotgan imkoniyat va preferensiyalar borasida olib borilayotgan davlat siyosatiga yuqori baho berish mumkin. Bu boradagi O‘zbekiston tajribasi boshqa davlatlar uchun namuna bo‘lishi kerak. –dedi Qozog‘iston Respublikasining Inson huquqlari bo‘yicha vakili Elvira Azimova

Shuningdek, Qozog‘iston Ombudsmani BMTning qiynoqlarga qarshi Konvensiyaga fakultativ protokoli O‘zbekiston tomonidan ratifikatsiya qilinmagan bo‘lsada, unda ko‘rsatilgan talablar O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarda aks etayotgani alohida eʼtirofga sazovorligini taʼkidladi.

Qirg‘iziston Respublikasining Inson huquqlari bo‘yicha vakili A.b.Abdraxmatova forum ishtirokchilariga Markaziy Osiyo davlatlari Ombudsmanlarining I-Forumini yuqori baholab, uning doirasida amalga oshirilayotgan ishlarning mantiqiy davomi sifatida Ombudsmanlarning mintaqaviy darajadagi hamkorligini mustahkamlashga, Markaziy Osiyoda inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarning rivojlanishi va xalqaro miqyosda tan olinishiga xizmat qiladigan “Inson huquqlari bo‘yicha mintaqaviy institut”ni yaratishni taklif qildi.

Turkmaniston Respublikasining Inson huquqlari bo‘yicha vakolatli vakili – Ombudsmen Yazdursun Gurbannazarovaishtirokchilar eʼtiborini Parij tamoyillariga qaratdi. Ushbu xalqaro hujjatda inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar inson huquq va erkinliklarini himoya qilish borasida o‘zaro tajriba almashishi, hamkorlikni mustahkamlashi kerakligi belgilangan. Shu jihatdan mazkur Forum barcha Markaziy Osiyo Ombudsmanlari xususan Turkmaniston uchun juda muhim ahamiyatga ega. Qolaversa, Forum doirasida imzolangan ikki tomonlama memorandumlar hamda Toshkent deklaratsiyasida nazarda tutilgan chora-tadbirlar Ombudsmanlar faoliyati samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

Forumda onlayn tarzda ishtirok etgan Tojikiston Respublikasining Inson huquqlari bo‘yicha vakili Umed Bobozodaning so‘zlariga ko‘ra,bugun dunyodagi ijtimoiy siyosiy o‘zgarishlar xalqlarni sinovdan o‘tkazayotganligi, shunday jarayonlarda inson huquqlarini taʼminlashda Ombudsman institutlarining o‘rni juda muhim. Ushbu platforma barchamizga o‘ziga xos tajribaga ega bo‘lishimizga ko‘mak beradi.Forum doirasida imzolangan memorandum doirasida mana shu tajribalarni ulashish va Markaziy Osiyo davlatlari Ombudsmanlarining ilg‘or tajribalarini o‘rganish imkoniyati yaratilganidan g‘oyat mamnunman.- dedi Tojikiston Ombudsmani.

Forumda boshqa mintaqalardan farqli o‘laroq, Markaziy Osiyoda inson huquqlari bo‘yicha aniq mintaqaviy maslahat platformasi mavjud emasligi, mazkur Forum esa Markaziy Osiyo davlatlari Ombudsmanlari uchun yangi maslahatlashuv platformasi bo‘lib xizmat qilishi taʼkidlandi.

Forumda jazoni ijro etish muassasalaridagi shaxslarning saqlash sharoitlari, mehnat qilishi, ularga tibbiy yordam ko‘rsatish holati va sifati, olib borilayotgan maʼnaviy-maʼrifiy ishlar hamda taʼlim-tarbiya va boshqa holatlarni milliy preventiv mexanizm doirasida o‘rganishdagi masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Forum doirasida Markaziy Osiyo davlatlari Ombudsmanlari o‘rtasida ikki tomonlama memorandumlar imzolandi. Shuningdek, xalqaro tadbir yakunida inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarning inson huquqlarini himoya qilishdagi o‘rni va ahamiyati bo‘yicha davomli munozaralar natijasida Toshkent deklaratsiyasi qabul qilindi.