Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Ombudsman: masalani kuch ishlatish yo‘li bilan hal etishga urinish inson huquqlarining qo‘pol ravishda buzilishidir
So‘nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda fuqarolar o‘rtasida o‘zaro janjallashish, bir-birini haqorat qilish, qo‘l ko‘tarish va bir-biriga tan jarohati yetkazish kabi holatlar aks etgan videoxabarlar tarqalib bormoqda.  

Ayniqsa Samarqand tumanida yuzaga kelgan kelishmovchilik oqibatida ayollar farzandi ko‘z oldida erkaklar tomonidan do‘pposlanishi tasviri ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi. O‘rganishlar, suratdagi bola aslida ayolning bolasi emasligi, unga enagalik qilishini ko‘rsatdi. Yaxshilab o‘rganilmay turib, ommaga eʼlon qilingan bu kabi materiallar jamiyatimizda har xil kayfiyatni tug‘dirmoqda. Hozirda mazkur holat bo‘yicha Samarqand tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘linmasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Nima bo‘lganda ham o‘sib kelayotgan yosh avlod bu kabi o‘zaro hurmatsizlik, bir-birini obro‘sizlantirish, urush-janjal, o‘zgalar mulkiga zarar yetkazish kabi holatlarni ko‘rib tarbiya olmasligi zarur.

Kuni kecha Samarqand viloyati bo‘yicha Telegram_Yulduzlari| Rasmiy kanali (https://t.me/TYUZBEK) orqali yana bir videoxabar eʼlon qilindi. Unda ham ayol kishining kaltaklangani, qarshi tomonning esa davlat xodimi bo‘lishi mumkinligi yozilgan. Videoda birinchi bo‘lib ayolning shovqin ko‘tarib, erkak kishiga tosh otgani ham ko‘rsatilgan.

Yuqoridagi har ikkala holat bo‘yicha Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning Samarqand viloyatidagi mintaqaviy vakili Diyor Xusanov tomonidan o‘rganish ishlari olib borildi.

Ikkinchi holat yuzasidan aniqlanishicha ayol kishini tepishga uringan erkak tadbirkor bo‘lib, u viloyat hokimining tegishli ko‘rsatmasiga asosan, 37 ta dala-hovli o‘rnida ko‘p qavatli uy qurishni rejalashtirgan. Ombudsmanga taqdim etilgan maʼlumotlarga ko‘ra, uy egalarining roziligi bilan uy-joylar narxlari baholanib, snos holatiga keltirilgan. Ularga kompensatsiya pullari to‘lab berilib, uyni bo‘shatishlari so‘ralgan. Jumladan videoda norozilik kayfiyatidagi ayol ham kompensatsiya pullarini to‘liq qabul qilgani haqida maʼlumot berilgan. Lekin, ayol uyni bo‘shatib berishga qarshilik qilgan. Hozirda holat yuzasidan tergov oldi tekshiruv surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Har ikkala holat bo‘yicha ham sud-tergov ishlari yakunlangach, aybdor shaxslarga nisbatan tegishli choralar ko‘riladi.

Lekin, aholi o‘rtasida bir biriga baqirish, qo‘l ko‘tarish, do‘pposlash, tahdid qilish kabilar odatiy holga aylanib borayotgandek.

Ombudsman fuqarolar o‘rtasidagi nizolarni ko‘rib chiqish vakolatiga ega bo‘lmasada, bunday mazmundagi xabarlarning ko‘payib borayotganidan xavotirda.  

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 27-moddasida har kim o‘z shaʼni va obro‘siga qilingan tajovuzlardan, shaxsiy hayotiga aralashishdan himoyalanish va turar joyi daxlsizligi huquqiga ega ekanligi belgilab qo‘yilgan.

Qolaversa, birovning shaʼni va qadr qimmatini kamsitish, obro‘sizlantirish, kaltaklash, bosim o‘tkazish va boshqalar amaldagi qonun hujjatlariga zid.

Maʼlumot uchun, Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasiga ko‘ra, mayda bezorilik, yaʼni jamoat joylarida uyatli so‘zlar bilan so‘kinish, fuqarolarga haqoratomuz shilqimlik qilish hamda jamoat tartibini va fuqarolarning osoyishtaligini buzuvchi shu kabi boshqa xatti-harakatlarda ifodalangan jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimaslik — bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha muddatga maʼmuriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.

Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 52-moddasida ehtiyotsizlik orqasida yengil tan jarohati yetkazish — bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan ikki baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishi, qasddan yengil tan jarohati yetkazish esa, bu harakat sog‘liqning qisqa muddat yomonlashuviga yoki mehnat qobiliyatini uncha ko‘p davom etmaydigan turg‘un tarzda yo‘qotishga olib kelmagan bo‘lsa, —bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravaridan to‘rt baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Mazkur kodeksning 61 prim 2-moddasida o‘zganing mulkini qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish, oz miqdorni tashkil etsa, — bazaviy hisoblash miqdorining besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishi belgilangan.

Shuningdek, o‘zganing mulkini qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish ko‘p bo‘lmagan miqdorni tashkil etsa, — bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha muddatga maʼmuriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.

O‘z huquqlaringizni yaxshi biling. O‘zgalar huquqlarini ham hurmat qiling.

Jinoyat uchun jazo muqarrar. Qonun esa barcha uchun teng!

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati