O‘zaro muloqot davomida Qoraqalpog‘istondagi namoyishlar va uning kelib chiqishi sabablari bo‘yicha jamoatchilik fikrlari o‘rganildi.
Xususan, huquq faollari tomonidan Konstitutsiyaviy islohotlar boshlanganidanoq koll markaz, Telegram-bot kanal va boshqa onlayn platformalar ishga tushirilgani va bu vositalarning barchasi aholining taklif va mulohazalarini bildirishlari uchun amalga oshirilgan zarur tadbirlar hisoblanishi qayd etildi. Umuman olganda aholiga o‘zining xohish-irodasini bildirishi uchun zarur chora-tadbirlar ko‘rilgani xususida fikr bildirildi.
Muhokamalar jarayonida fuqarolarni tashqi kuchlar tomonidan boshqarish hamda moliyalashtirish masalasi ham ko‘tarildi.
Shuningdek, namoyishchilarning ichki kechinmalari va aholini tinchlantirish uchun huquq tartibot idoralari tomonidan ko‘rilgan choralar bo‘yicha jamoatchilik fikri o‘rganildi. Bunda asosiy eʼtibor inson huquqlarini buzish va shaxs erkinliklariga to‘sqinlik qiluvchi holatlarni aniqlashga qaratildi.
Namoyishga oldindan tayyorgarlik ko‘rilganmi yoki bu fuqarolarda to‘satdan norozilik kayfiyatining uyg‘onishi natijasida yuzaga kelgan holatmi? Mazkur masala atrofida qizg‘in muhokamalar bo‘lib o‘tdi.
Shuningdek, Komissiya aʼzolari so‘nggi yillarda Qoraqalpog‘istondagi o‘zgarishlarga huquq faollarining fikrlari bilan ham qiziqishdi.
Uchrashuvda huquq faollari va NNT vakilining barcha fikrlari diqqat bilan tinglandi, kerakli maʼlumotlar olindi. Hozirda qo‘lga kiritilgan maʼlumotlar tegishli tartibda o‘rganilmoqda.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati