Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Komissiya Qoraqalpog‘istonda bo‘lib o‘tgan voqealarni har tomonlama chuqur va xolisona o‘rganmoqda
2022 yil 15 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Kengashlarining qo‘shma qarori bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasida yuz bergan holat va voqealarni o‘rganish hamda ular yuzasidan mustaqil tekshiruv o‘tkazish bo‘yicha komissiya tuzildi.

Ombudsman, deputatlar, mahalliy va xalqaro nodavlat notijorat tashkilotlaridan iborat Komissiya aʼzolari 16 iyuldan Koraqalpog‘iston Republikasida o‘rganishni boshladi.

Dastlab, fuqarolar murojaatlarini qabul qilish va o‘rganish maqsadida 1374 qisqa raqamli koll-markaz ishga tushirildi.

Mustaqil tekshiruv davomida har bir murojaat, har bir holat va axborotlar tahlil qilinmoqda.

Murojaatlarni o‘rganish hamda keltirilgan vajlar nazoratga olinib, amaliy ko‘mak ko‘rsatilayotgani fuqarolar tomonidan ijobiy baholanmoqda.

Komissiya inson huquq va erkinliklarini taʼminlash, voqealarni har tomonlama va holis o‘rganish, shuningdek, olingan axborotlarni qayta tekshirish hamda o‘z faoliyatini jamoatchilik fikrini inobatga olgan holda tashkil qilishni asosiy vazifasi sifatida belgilagan.

Qayd etish lozimki, Mustaqil Komissiyasiga @Independentuzb_bot orqali onlayn murojaat qilish imkoniyati ham yaratilgan. Qolaversa, faoliyatimizni jamoatchilikka keng yoritish maqsadida telegram, Facebook va twitter ijtimoiy tarmoqlaridan alohida sahifalar ochilgan bo‘lib, ular orqali Komissiyaning har kungi faoliyati haqida muntazam xabarlar eʼlon qilib borilmoqda.

Taʼkidlash lozimki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasida ro‘y bergan voqealar yuzasidan har bir holat xolisona o‘rganilishi hamda voqea ishtirokchilarining xatti-harakatlariga adolatli huquqiy baho berilishi ustuvor vazifa sifatida beliglangan.

Shunga ko‘ra, ushbu jarayonga jamoatchilik vakillari, deputatlar va huquq faollari jalb qilingani bejiz emas.

Ombudsman boshchiligida davlat va nodavlat hamda xalqaro tashkilotlar vakillaridan tarkib topgan Komissiya o‘z faoliyatini hali yakunlagani yo‘q. O‘rganish natijalari esa Komissiyaning asoslantirilgan yakuniy xulosasi eʼlon qilinguniga qadar oshkor etilmaydi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati