Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Ombudsman boshchiligida Qashqadaryodagi yopiq muassasalardagi sharoitlar o‘rganildi
2022 yilning 22-25 sentyabr kunlari Ombudsman tomonidan qiynoq holatlarini aniqlash va ularning oldini olish maqsadida Qashqadaryo viloyatidagi harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan muassasalarga milliy preventiv mexanizm doirasida monitoring tashrifi amalga oshirildi.

Ombudsman, uning Kotibiyati xodimlari va Ombudsmanning Qashqadaryo viloyatidagi mintaqaviy vakili tegishli davlat idoralari masʼullaridan iborat ishchi guruh dastlab 5-son Tergov hibsxonasidagi sharoitlarni o‘rgandi.

500 o‘ringa mo‘ljallangan mazkur hibsxonada monitoring o‘tkazilgan kunda 497 nafar mahbus va 17 nafar xo‘jalik ishlariga jalb etilgan mahkumlar saqlanayotgani aniqlandi. Mahbuslarning 17 nafari ayollardir. Ayollar saqlanayotgan kameralar ko‘zdan kechirilganda, tergov hibsxonasida yaratilgan sharoitlar yuzasidan shikoyatlar kelib tushmadi. Kameralar radiomoslamalari bilan taʼminlangan va isitish tizimi bilan bog‘liq kamchiliklar aniqlanmadi. Lekin, kameralar ko‘zdan kechirilganda yoqimsiz hid kelayotganligi, bu esa qabulxonada suv-oqava tizimidagi mavjud kamchiliklar natijasida vujudga kelganligi maʼlum bo‘ldi.

Mahbuslar bilan jamoaviy va yakka tartibdagi uchrashuvlarda bir necha ayollar sud tergov jarayonlari, sudlarda Ombudsman vakilining ishtiroki, qamoq ehtiyot chorasini yengilrog‘iga almashtirish yuzasidan murojaat qilishdi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, hibsxona xodimlari mahbuslar bilan yaxshi munosabatda bo‘lishmoqda, oila aʼzolari va advokatlar bilan uchrashuvlarda muammolar yo‘q hamda yo‘qlovlarni ham o‘z vaqtida olishmoqda.

Ombudsman vakillaridan iborat guruh qisqa muddatli uchrashuv, telefon so‘zlashuv xonalari, oshxona, kutubxona va sudlarda onlayn ishtirok etish imkonini beruvchi onlayn konferensiya xonalarini ko‘zdan kechirdi va aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha tavsiyalar berdi. Jumladan, 2977 ta kitoblar mavjud bo‘lgan kutubxonada, mahbuslar tomonidan eng ko‘p so‘raladigan yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksi mavjud emas.

Tergov hibsxonasida mahkum va mahbuslarga tibbiy xizmat ko‘rsatish bo‘yicha sharoitlar o‘rganilganda 2 ta o‘rin vakant ekani maʼlum bo‘ldi. Davolash profilaktika bo‘limida kadrlar yetishmovchiligiga tibbiyot mutaxassislari orasida yopiq muassasalarda ishlash bo‘yicha baʼzi imtiyozlar bo‘lishiga qaramay qiziqish pastligi sabab bo‘lmoqda.

Qayd etish lozimki, Ombudsman tomonidan yopiq muassasalarda ishlaydigan shifokorlarga qo‘shimcha imtiyozlar berish yuzasidan takliflar ishlab chiqilmoqda.

Hibsxonada stomatolog shtati ham mavjud. Haftada 3 marotaba stomatolog kelib har qabulida 10-15 nafar mahbusni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib, davolab ketadi. Lekin, monitoring davomida stomatolog xonasining sanitariya gigiyena talablariga muvofiq saqlanmayotgani aniqlanib, Ombudsman tomonidan baʼzi tavsiyalar berildi.

Monitoring doirasida Ombudsmanga mazkur hibsxonada saqlanayotgan shaxslarning yaqin qarindoshlaridan yuborilgan 20 ga yaqin murojaatlarda keltirilgan vajlar o‘rganib chiqildi va Mahbuslar bilan murojaat yuzasidan suhbatlar o‘tkazildi.

Shu o‘rinda ushbu muassasada saqlanayotgan shaxslarning yaqin qarindoshlariga yaratilgan sharoitlarga ham to‘xtalamiz. Hibsxonada mahkum va mahbuslarga kiritilayotgan yo‘qlovlarni qabul qilish va ko‘zdan kechirish jarayonlari rentgen apparati yordamida amalga oshirilmoqda. Aholini kuttirib qo‘ymaslik va vaqtni tejash maqsadida 5 oy avval amaliyotga tadbiq qilingan mazkur qulaylik natijasida ilgarilari kechgacha qabul qilingan yo‘qlovlar hozirda uzog‘i 16:00ga qadar yakunlanmoqda. Qolaversa, fuqarolarga kutish joylari va fuqarolar qabuli bo‘yicha ham sharoitlar yaratilgan.

Monitoring doirasida Qashqadaryo viloyati IIB Maxsus qabulxonasi ham ko‘zdan kechirildi. Ushbu muassasada maʼmuriy qamoqqa olinganlar uch sutkadan o‘n besh sutkagacha bo‘lgan muddatlarda saqlanishadi.

2020 yilda foydalanishga topshirilgan mazkur binoda saqlanayotgan shaxslarga kerakli sharoitlar yaratilgan. Ayollar va erkaklar alohida alohida kameralarga joylashtirilgan. Ularga har kuni sayr qilish va bir marotaba qarindoshlariga telefon qilish imkoniyati yaratilgan, kutubxona va sport maydonchalari ham tashkil etilgan.

Ushbu tashrif doirasida Qarshi shahri, Koson va Kitob tumanlaridagi Vaqtincha saqlash hibsxonalari, 2, 3 va 10-son jazoni ijro etish koloniyalari, 35-son Manzil-koloniya, Reabilitatsiya qilish markazi, 1-son Asab-ruhiy kasalliklari dispanseri va shifoxonasi hamda boshqa yopiq muassalarda yaratilgan sharoitlar ham o‘rganildi.

Aniqlangan kamchiliklar yuzasidan ularni o‘z vaqtida bartaraf etilishini taʼminlash maqsadida mutasaddi vazirlik va idoralarga Ombudsmanning tavsiyalari kiritiladi.

Ombudsman huzuridagi milliy preventiv mexanizm doirasida faoliyat yurituvchi jamoatchilik guruhi tomonidan respublika bo‘ylab harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan muassasalarga monitoring tashriflari davom ettiriladi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati