Shu kunga qadar Buxoro, Namangan, Samarqand, Sirdaryo, Qashqadaryo va Farg‘ona viloyatlarida mahallalar kesimida fuqarolar va davlat organlari vakillarining o‘zaro ochiq muloqotlari tashkil etildi. Bunda asosiy eʼtibor so‘nggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilgan islohotlarga, xususan inson huquqlari va erkinliklariga hamda fuqarolarga yaratilayotgan imkoniyat va imtiyozlarga qaratildi.
2022 yilning 29 sentyabr kuni “Ombudsman maktabi” loyihasi doirasidagi navbatdagi tadbir Surxondaryo viloyatining Jarqo‘rg‘on tumanidagi “Yangiobod mahalla fuqarolar yig‘inida o‘tkazildi.
Fuqarolardan Ombudsmanning Surxondaryo viloyatidagi mintaqaviy vakili A.Artikovga kelib tushayotgan murojaatlar ko‘proq ijtimoiy sohaga tegishli bo‘lganligi sababli mazkur tadbir aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash masalalariga bag‘ishlandi.
Tadbirda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) F.Eshmatova, Ombudsman Kotibiyati xodimlari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Surxondaryo viloyati mahalliy Kengash deputatlari, viloyat hokimligi, Moliya, Adliya, Bandlik va mehnat munosabatlari, Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash boshqarmalari, Markaziy bank, xususan Surxondaryo viloyati Mikrokreditbank, Agrobank va Xalq banki boshqarmasi vakillari, shuningdek mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari, mahalla faollari va OAV vakillari ishtirok etishdi.
Uchrashuvda dastlab “Ombudsman maktabi”ni tashkil etishdan asosiy maqsad mamlakatimizda inson huquq va erkinliklarini himoya qilish sohasida amalga oshirilayotgan tub o‘zgarishlar to‘g‘risida aholini, ayniqsa, ayollar, yoshlar, keksalar, nogironligi bo‘lgan fuqarolarni o‘z vaqtida va to‘laqonli xabardor qilish, davlat organlari va aholi o‘rtasida muloqot platformasi yaratish, shuningdek davlat organlari va idoralari vakillarini inson huquqlari va erkinliklari bo‘yicha o‘qitish va huquqiy savodxonlikni oshirish ekanligi aytib o‘tildi.
Mahalla faollarining iltimosiga ko‘ra, dastlab pensiya hisoblash tizimiga oid islohotlar to‘g‘risida viloyat Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosari S.Rajabov 2022 yil 7 aprelda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "Davlat pensiyalari, nafaqalar, kompensatsiyalar va boshqa ijtimoiy to‘lovlarni to‘lash tizimini yana-da takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi Qarorining mazmun-mohiyati yuzasidan maʼruza qildi. Fuqarolarga sodda va oddiy tilda tushuntirish berish maqsadida bir nechta fuqarolarning pensiya pullari hisoblab berildi. Bunda fuqarolarning pensiyaga chiqish tartibi, imtiyozli shartlarda pensiya va imtiyozlarga ega bo‘lish haqidagi savollariga batafsil javob berildi.
Tadbirda, shuningdek Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati F.Samatov, viloyat Markaziy banki bosh boshqarmasi boshlig‘i A.To‘xtayev, viloyat Adliya boshqarmasi boshlig‘i S.Abdurasulov, viloyat Bandlik va mehnat munosabatlari boshqarmasi boshlig‘i S.Jumayev tegishli sohalarda bo‘layotgan o‘zgarishlar va yangiliklar to‘g‘risida to‘xtalib o‘tdilar.
“Ombudsman maktabi” doirasida o‘tkazilgan yig‘ilishda mutasaddi davlat organlari va tashkilotlari vakillari aholini ijtimoiy himoya qilish va qo‘llab-quvvatlashda davlat organlari hamda nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida, xususan O‘zbekiston Respublikasi aholisini ijtimoiy himoya qilish strategiyasi, aholining daromadli mehnat bilan bandligini taʼminlash, ularni tadbirkorlikka jalb qilish va o‘qitish hamda o‘zini o‘zi band qilish faoliyatiga yo‘naltirish, tijorat banklarining ijtimoiy ahvoli va turmush sharoiti og‘ir oilalar muammolarini tizimli ravishda hal etish va ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashdagi vazifalari haqida fuqarolarga tushuntirish berdilar.
Yig‘ilishda, shuningdek turmush sharoiti og‘ir oilalar bandligini taʼminlash hamda ularga har tomonlama yordam ko‘rsatishda amaldagi qonunchilikka rioya etilishida jamoatchilik nazoratini amalga oshirishga, bunda fuqarolik jamiyati institutlarining o‘rni yuqori ekanligiga eʼtibor qaratildi.
O‘zaro savol javob va erkin muloqot ruhida o‘tgan tadbirda kelgusida “Ombudsman maktabi” doirasida ko‘tarilishi zarur bo‘lgan sohalar bo‘yicha takliflar ham olindi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati