Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Inson huquqlari bo‘yicha Ombudsmanning navbatdagi fuqarolar qabulida qanday masalalar ko‘tarildi? 
2022 yilning 30 sentyabr kuni Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (ombudsmanning) navbatdagi fuqarolar  qabuli bo‘lib o‘tdi.

30 nafarga yaqin fuqaro ishtirok etgan qabul davomida bandlik, ishdan noqonuniy bo‘shatish, pensiya, sud jarayonlarida Ombudsman vakilining ishtirokini taʼminlash, ozodlikdan mahrum etilganlarga nisbatan insonparvarlik dalolatnomasini qo‘llash bo‘yicha amaliy yordam berish va boshqa masalalarda murojaatlar kelib tushdi. Baʼzi murojaatlar bo‘yicha fuqarolarga tegishli huquqiy maslahat va tushuntirishlar berildi.

Qabul davomida olingan murojaatlarning barchasi Ombudsman nazoratiga olinib, ularni o‘rganish va inson huquqlarini taʼminlash bo‘yicha ishga kirishildi.  Murojaatlarga ilova qilingan hujjatlar bilan tanishib chiqilgach, joyiga chiqib o‘rganish talab etiladigan vajlar o‘rganish uchun Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (ombudsmanning) hududlardagi mintaqaviy vakillariga yuboriladi.

Qayd etish lozimki, Ombudsmanning shaxsiy qabuliga kelayotgan murojaatlar tahlili takroriy murojaatchilar soni kamayganini ko‘rsatmoqda.

Eslatib o‘tamiz, fuqarolar to‘g‘ridan-to‘g‘ri Ombudsmanning hududlardagi mintaqaviy vakillariga ham murojaat qilishlari mumkin. Ularning ism-shariflari, vazifalari, qabul kunlari, manzili va telefon raqamlari haqida ombudsman.uz sayti orqali maʼlumotga ega bo‘lishingiz mumkin.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati