Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
O‘zbekiston va Maldiv Respublikalarining Bolalar Ombudsmanlari o‘zaro tajriba almashishdi  
2022 yilning 13 oktyabr kuni Bola huquqlari bo‘yicha vakil Aliya Yunusova Maldiv Respublikasidagi Bola huquqlari bo‘yicha Ombudsmani Niimat Shafik bilan uchrashdi.

Uchrashuvda Bolalar Ombudsmanlari bolalarni nizoli hududlardan repatriatsiya qilish bo‘yicha o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashishdi.

O‘zga yurtga borib qolib, og‘ir hayotiy davrni boshidan o‘tkazgan bolalarga hukumatimiz tomonidan tibbiy, psixologik, moddiy va maʼnaviy yordam ko‘rsatilgani, ularning tinch hayotga qaytib, jamiyatga moslashishlari, taʼlim va ijtimoiy dasturlarda ishtirok etishlari uchun zarur sharoit yaratilgani, boshpana va ish bilan taʼminlash choralari ko‘rilgani, bu ishlarni amalga oshirishda Davlat organlari,manfaatdor davlat va nodavlat tashkilotlar hamda xalqaro tashkilotlar bilan olib borilgan tizimli ishlar haqida tanishtirildi. Mehmonlarga ushbu ishlarni amalga oshirishda qanday xalqaro va milliy darajadagi normativ-huquqiy hujjatlar bilan ishlangani hamda qanday chora-tadbirlar qabul qilingani haqida maʼlumotlar berildi.

O‘zaro muloqot davomida Aliya Yunusova mehmonlarni so‘nggi yillarda bola huquqlarini taʼminlash borasida mamlakatimizda amalga oshirilgan ishlar, jumladan 2019 yilda Bolalar Ombudsmani lavozimini joriy etilgani va uning faoliyat yo‘nalishlari bilan tanishtirdi.

Murojaatlar bilan ishlashda masalani tizimli ravishda hal etishga harakat qilamiz. Chunki, bolalar doimiy himoyaga muhtoj qatlam hisoblanadi. Bir bola duch kelgan muammoga boshqa bolalar to‘qnashmasliklari uchun ham masalani har tomonlama o‘rganib, muammoni tizimli hal etish bo‘yicha o‘z takliflarimizni tegishli davlat organlariga yuboramiz. – dedi Bolalar Ombudsmani Aliya Yunusova

Niimat Shafik, Maldiv Respublikasi Bola huquqlari bo‘yicha Ombudsmani

- Bugungi uchrashuv men uchun juda muhim ahamiyatga ega. Chunki o‘zaro suhbat davomida bola huquqlarini taʼminlash borasidagi O‘zbekiston tajribasini, uning yutuqlari va afzalliklari haqida ko‘p maʼlumotga ega bo‘ldim va ularni o‘z faoliyatimda qo‘llayman. O‘zbekistonda nizoli hududlardan ayollar va bolalarni repatriatsiya qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan davlat tizimli ishlarni juda yuqori baholayman.

Uchrashuv yakunida o‘zaro hamkorlik qilish bo‘yicha kelishib olindi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati