Mazkur seminarda ishtirok etgan O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi aʼzolari tarkibiga Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Kotibiyatining Xalqaro hamkorlikni rivojlantirish sektori mudiri Jasur Islamov ham kiritilgan edi. Shuningdek, delegatsiya tarkibida Adliya vazirligi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati va Senat xodimi, Bosh prokuratura, IIV, Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markazi, Sudyalar oliy kengashi, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi vakillari ham mavjud.
Uch kunlik seminar Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun huquq ustuvorligi dasturi doirasida Yevropa Kengashi tomonidan Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlikda o‘tkazildi.
Tadbirdan ko‘zlangan maqsad Yevropa Kengashi shartnomalari tizimi va konvensiyalarga qo‘shilish xususiyatlarini o‘rganish, shuningdek, Huquq ustuvorligi dasturi doirasidagi ikki tomonlama hamkorlikni muhokama qilishdan iborat.
Seminar davomida Yevropa Kengashi vakillarining axborot hisobotlari tinglandi hamda O‘zbekiston delegatsiyasi aʼzolarining respublikada korrupsiya va odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar hamda sud-huquq tizimini isloh qilish to‘g‘risidagi taqdimotlari bilan chiqishlar qilindi.
Ombudsman vakili o‘z taqdimotida 2021 yilda Davlat rahbari tomonidan imzolangan Ombudsman faolitini kuchaytirish hamda qiynoqlarni oldini olishga qaratilgan qaror va farmonning muhim jihatlariga to‘xtalib o‘tdi. Jumladan, Ombudsmanga qonunchilik tashabbusi huquqi berilayotgani, uning joylarda doimiy asosda ishlovchi mintaqaviy vakillari lavozimi joriy etilgani hamda Ombudsman huzuridagi Qiynoq holatlarini aniqlash va ularning oldini olish bo‘yicha jamoatchilik guruhlari faoliyatlariga alohida to‘xtaldi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati