Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Andijondagi 3-son tergov hibsxonasiga monitoring tashrifi amalga oshirildi
2022 yil 14 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (ombudsmanning) Andijon viloyatidagi mintaqaviy vakili tomonidan 3-son tergov hibsxonasiga monitoring tashrifi amalga oshirildi.

1917 yilda qurilgan hibsxonada sport maydonchasi, oshxona, 1 ta fuqarolarni qabul qilish xonasi, 3 ta advokatlar xonasi, 2 ta tergovchilar xonasi mavjud.

Tashrif davomida dastlab, hibsxonada saqlanayotgan maxsus kontingent uchun issiq ovqat tayyorlash uchun mo‘ljallangan “Mahkumlar oshxonasi” ko‘zdan kechirildi. Oshxonada ovqat tayyorlash jarayoni, mahbuslarga berilayotgan oziq-ovqat mahsulotlarining qonunchilikda belgilangan meʼyorlar talablariga mos kelishi, sanitariya-gigiyena qoidalariga amal qilinishi o‘rganildi. Shuningdek, oshxonada ishlayotgan hibsxonada xo‘jalik ishlarini bajarish uchun qoldirilgan mahkumlar bilan suxbatlashib, ularning o‘zlari, kiyim-kechaklari, oshxonada ishlash uchun berilgan maxsus kiyimlarining ozodaligi, ovqatlarni tarqatish jarayoni va tartibi bilan tanishib chiqildi. Mahbuslarga ko‘rsatilayotgan tibbiy, psixologik yordam va oila aʼzolari bilan uchrashish uchun sharoitlar yaratilgan.

Tekshiruv kunida hibsxonada jami 2 nafar voyaga yetmaganlar saqlanyotgan bo‘lib, ular saqlanayotgan kamera holati o‘rganildi. Mahbuslar o‘zlariga yaratilgan sharoitlar yaxshiligi, hibsxona xodimlari tomonidan taʼziyqlar yo‘qligini maʼlum qilishdi.

Shundan so‘ng, xotin-qizlar saqlanayotgan kameralarga tanlov asosida kirilib, ular bilan shart-sharoitlar, muammo va takliflari bo‘yicha suhbatlashildi.

Shuningdek, tartibot binolariga o‘rnatilgan 3 ta “Ombudsman qutilari” o‘rganildi. Muhrlangan qutilar mahkum va mahbuslarning doimiy qatnov yo‘lagida, ko‘rinarli joyga qo‘yilgan.

Mahkumlar kutubxonasida jami 2000 dan ziyod badiiy, diniy, huquqiy fantastik va boshqa turdagi adabiyotlar, gazeta va jurnallar jamlangan, mahbuslar shaxsiy vaqtlarida kutubxonadan foydalanishlari yo‘lga qo‘yilgan.

Tashrif davomida hibsxonada mahkumlarni yaqin qarindoshlari bilan uchrashishlari uchun “Uzoq muddatli uchrashuv xonasi”ning qurilish ishlari boshlangan.

Hibsxonada xizmat olib borayotgan shaxsiy tarkib bilan o‘tkazilgan suhbatda xodimlarga mahbus va mahkumlar bilan O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlarida belgilangan tartibda muomala qilish, ularning huquqlarini poymol qilmaslik, muomala madaniyatiga rioya qilish kerakligi taʼkidlab o‘tildi.

Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati