Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
“Ombudsman maktabi” loyihasi doirasidagi tadbirlar Xorazm viloyatining chekka hududida o‘tkazildi
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) o‘z faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan biri sifatida aholining huquqiy xabardorligini oshirishga alohida eʼtibor qaratmoqda. Joriy yildan buyon amalga oshirilayotgan “Ombudsman maktabi” loyihasi orqali ko‘plab yurtdoshlar aholining ijtimoiy himoyasini mustahkamlash, yashash sharoitlarini yaxshilash, fuqarolarga yaratilgan imkoniyat va imtiyozlardan fuqarolar xabardorligi oshirilmoqda.

Jumladan, 2022 yilning 18 noyabr kuni Xorazm viloyatining Gurlan tumani 9-son musiqa maktabida “Ombudsman maktabi” tadbirlari o‘tkazilib, unda 150 nafardan ortiq fuqarolar ishtirok etishdi.

“Aholini ijtimoiy himoya qilish va qo‘llab-quvvatlashda davlat organlari va tashkilotlarining o‘rni” mavzusiga bag‘ishlangan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (ombudsmanning) Xorazm viloyatidagi mintaqaviy vakili, Xorazm viloyati hokimiyati, Xorazm viloyati Adliya boshqarmasi, O‘zbekiston Respublikasi Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligining Xorazm viloyati boshqarmasi, Xorazm viloyati uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi Xorazm viloyati boshqarmasi vakillari ishtirok etishdi.

Tadbirda dastlab, yangi tahrirda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining fuqarolar mehnat huquqlarini himoya qilish va mehnatini muhofaza qilishdagi ahamiyati haqida tushuncha berildi. Taʼkidlanishicha, yangi tahrirda mehnatga oid munosabatlar asosiy tamoyillari sifatida mehnat huquqlarining tengligi, mehnat va mashg‘ulotlar sohasida kamsitishni taqiqlash, mehnat erkinligi va majburiy mehnatni taqiqlash, mehnat sohasidagi ijtimoiy sheriklik, mehnat huquqlari taʼminlanishining va mehnat majburiyatlari bajarilishining kafolatlanganligi va xodimning huquqiy holati yomonlashishiga yo‘l qo‘yilmasligi belgilandi.

Shuningdek, “Ombudsman maktabi” tadbirida sog‘liqni saqlash tizimida olib borilayotgan tub islohotlar, xususan keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj boshqa toifalariga tibbiy-ijtimoiy xizmat ko‘rsatish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, fuqarolarning davlat pensiya taʼminotini tashkil etishda, fuqarolarga pensiyalar, ijtimoiy nafaqalar, kompensatsiya va boshqa to‘lovlarni tayinlashda qabul qilingan qonun va qonunosti hujjatlarining mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida maʼlumotlar berildi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (ombudsmanning) Xorazm viloyatidagi mintaqaviy vakili Odilbek Ollayorov ham so‘z olib, aholi murojaatlari bilan ishlash borasidagi faoliyatiga to‘xtalib o‘tar ekan, “Ombudsman maktabi” tadbirining nega aynan Gurlan tumanida o‘tkazilganiga urg‘u berdi. Xorazm viloyatining eng chekka hududlaridan kelib tushgan murojaatlar tahlili haqida maʼlumot berdi.

Tadbir doirasida sayyor qabul tashkillashtirildi va 17 nafar fuqarolarga huquqiy tushuntirishlar berildi. 2 nafar fuqaroning uy-joy masalasi bo‘yicha arizasi qabul qilinib, ijroga qaratildi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Axborot xizmati