Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksida nimalar o‘zgardi?
Joriy yilning 17 noyabr kuni Navoiy viloyati Karmana tumanida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning Navoiy viloyatidagi mintaqaviy vakili Shuhrat Djurayev tashabbusi bilan yangi tahrirdagi Mehnat Kodeksining targ‘ibotiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda taʼkidlanishicha, o‘tgan yillar davomida Ombudsmanga yuborilgan murojaatlar tahlili asosida mehnat qonunchiligini takomillashtirishga oid tayyorlangan bir qancha takliflar yangi Mehnat kodeksida o‘z aksini topgan. Bu esa o‘z navbatida xodimlarning ish sharoitlarini yana-da yaxshilash, ularga mehnatlari uchun adolatli haq to‘lanishiga, xodimlarning dam olishga bo‘lgan huquqlarining taʼminlanishiga, pirovard natijada ish unumdorligini oshirishga xizmat qilishi qayd etildi.

Tadbirda viloyat Bandlik bosh boshqarmasi davlat mehnat inspeksiyasi boshlig‘i o‘rinbosari N.Jo‘rayev ham ishtirok etib, u o‘z so‘zida yangilangan Mehnat Kodeksini qabul qilinishiga bo‘lgan zaruriyat, amaldagi va yangi tahrirdagi Mehnat Kodekslarining farqli tomonlari kiritilgan yangiliklar ularni qo‘llash mexanizmlari bo‘yicha ishtirokchilarga batafsil maʼlumotlar berib o‘tdi.

Xususan amaldagi Mehnat Kodeksi 294 moddadan iborat bo‘lsa, qabul qilingan yangi tahrirdagi Mehnat Kodeksi 581 moddani o‘z ichiga olgan bo‘lib, mazkur Kodeks istiqbolda kichik biznes subyektlari va yakka tartibdagi tadbirkorlik bilan shug‘ullanadigan aholi mehnatini huquqiy tartibga solishga imkon beradi.

Shuningdek, homilador ayollarga qo‘shimcha bo‘sh kunlar berilishi, masofadan turib ishlash shaklining kiritilgani, mehnat taʼtilining uzaytirilgani, sinov muddatlari belgilanmaydigan holatlar haqida tushunchalar berildi. Qolaversa, yangi tahrirdagi mehnat kodeksida xodimning pensiya yoshiga yetganligi munosabati bilan ish beruvchining tashabbusi bilan mehnat shartnomasini bekor qilishi taqiqlangani qayd etildi.

Savol-javoblarga boy tarzda o‘tgan tadbirda fuqarolarning barcha savollariga atroflicha javob berildi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati