Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Qoraqalpog‘istonda bo‘lib o‘tgan voqealar bo‘yicha sud jarayonlari 28 noyabr kuni boshlanadi
Xabaringiz bor, 2022 yil 16 iyul kunidan Qoraqalpog‘iston Respublikasida yuz bergan holat va voqealarni o‘rganish hamda ular yuzasidan mustaqil tekshiruv o‘tkazish bo‘yicha komissiya o‘z ishini boshlagan edi.

Komissiya inson huquq va erkinliklarini taʼminlash, voqealarni har tomonlama va holis o‘rganish, shuningdek, olingan axborotlarni qayta tekshirish hamda o‘z faoliyatini jamoatchilik fikrini inobatga olgan holda tashkil qilishni asosiy vazifasi sifatida belgilagan.

Dastlab, aholi fikrini o‘rganish maqsadida fuqarolarga 1374 qisqa raqamli koll-markazi va to‘g‘ridan-to‘g‘ri Komissiya shtabiga kelib murojaat qilish imkoniyati yaratilgan bo‘lsa, keyinchalik @independetuz_bot telegram kanali ishga tushirilib, murojaatlar elektron tarzda ham qabul qilindi.

Fuqarolar murojaatlari bilan ishlash bilan birga Qoraqalpog‘iston Respublikasida yuz bergan holat va voqealar joyiga chiqib o‘rganilib, tegishli maʼlumotlar olindi va ular tahlil qilindi. Xususan, bir qator davlat organlari va idoralariga, ijtimoiy obyektlarga, xususan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi, harbiy va ichki ishlar gospitallari, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga, yaʼni Milliy gvardiya, Nukus shahar Ichki ishlar bo‘limi, Nukus shahridagi Shimoliy-g‘arbiy harbiy okrug, Nukus xalqaro aeroportiga tashrif buyurildi.

Qolaversa, Komissiya fuqarolar tomonidan kelib tushayotgan ko‘plab murojaatlardan kelib chiqqan holda Qoraqalpog‘istonda ro‘y bergan voqealarda asosiy gumonlanayotgan va hozirda tergov jarayonida bo‘lib turganlar bilan yakka tartibda suhbatlar olib bordi. Bunda sodir etgan qilmishiga pushaymon va ijtimoiy sharoiti og‘ir bo‘lgan ayblanuvchilarning ro‘yxatlari shakllantirilib, ularni oilasiga qaytarish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rildi.

Shu kunga qadar Komissiya aʼzolari taklifi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi iltimosnomasiga ko‘ra, Bosh prokuratura tomonidan 107 nafar ayblanuvchi jamoat kafilligi va qamoq ehtiyot chorasi insonparvarlik tamoyili asosida uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasiga almashtirilishi orqali o‘z oilasi bag‘riga qaytarildi.

Tergov jarayonlari davomida ayblanuvchilarning saqlash sharoitlari, qiynoqqa solmaslik, advokat bilan taʼminlanganlik kabi masalalar Mustaqil komissiyaning doimiy nazoratida bo‘ldi. Komissiya aʼzolari sud jarayonlarida ham kuzatuvchi sifatida ishtirok etishadi.

Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati