Mazkur tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad nizoli hududlardan qaytarib olib kelingan fuqarolarni repatriatsiya va reabilitatsiya qilish, ayollar va bolalarni jamiyatga integratsiyalash va moslashtirish borasidagi tajribani o‘rganishdan iborat.
Bu sohada ko‘plab xorijiy davlatlar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Xususan, o‘tgan yili Bola huquqi bo‘yicha vakil tomonidan onlayn platforma yaratildi. Bunda turli davlatlar bola huquqlarini taʼminlash bo‘yicha, ayniqsa, urush va notinchliklar bo‘layotgan hududlarda bolalar huquqlarini himoya qilish borasidagi tajribalar o‘rganilib, tahlil qilindi. Eʼtiborli jihati mazkur amaliyot birinchilardan bo‘lib O‘zbekistonda amalga oshirildi. “Mehr” operatsiyasi davomida bolalar va ayollarni nizoli hududlardan olib kelish bilan birga, ularni reabilitatsiya qilish, jamiyatga moslashtirish borasida bir qator davlat tashkilotlari bilan hamkorlikda tizimli ishlar amalga oshiriladi.
Uchrashuvda Bolalar ombudsmani YUNISEFning konsultanti Rozali Lordni o‘zga yurtga borib qolib, og‘ir hayotiy davrni boshidan o‘tkazgan bolalarga hukumatimiz tomonidan tibbiy, psixologik, moddiy va maʼnaviy yordam ko‘rsatilayotgani, ularning jamiyatga moslashishlari, taʼlim va ijtimoiy dasturlarda ishtirok etishlari uchun zarur sharoit yaratilgani, boshpana va ish bilan taʼminlash choralari ko‘rilgani, bu ishlarni amalga oshirishda Davlat organlari, manfaatdor davlat va nodavlat tashkilotlar hamda xalqaro tashkilotlar bilan olib borilgan tizimli ishlar haqida tanishtirdi.
O‘zaro muloqot davomida Aliya Yunusova mehmonlarni so‘nggi yillarda bola huquqlarini taʼminlash borasida mamlakatimizda amalga oshirilgan ishlar, jumladan 2019 yilda Bolalar Ombudsmani lavozimini joriy etilgani va uning faoliyat yo‘nalishlari bilan tanishtirdi.
Murojaatlar bilan ishlashda masalani tizimli ravishda hal etishga harakat qilamiz. Chunki, bolalar doimiy himoyaga muhtoj qatlam hisoblanadi. Bir bola duch kelgan muammoga boshqa bolalar to‘qnashmasliklari uchun ham masalani har tomonlama o‘rganib, muammoni tizimli hal etish bo‘yicha o‘z takliflarimizni tegishli davlat organlariga yuboramiz. – dedi Bolalar Ombudsmani Aliya Yunusova.
YUNISEFning konsultanti Rozali Lord tomonidan O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar va ularning natijalari bo‘yicha olib borilgan o‘rganishlar yuzasidan yakuniy hujjat ishlab chiqilishi bildirildi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati