Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Andijondagi “Saxovat uyi”da qariyalarni kaltaklanishi haqidagi xabarlar asossiz bo‘lib chiqti
Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon shahridagi “Saxovat” keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga ixtisoslashgan internat uyida yashovchi Azimjon Hakimovning “Saxovat uyi”da yashovchilar urib, kaltaklanishi, ularga shifokorlar umuman, qaramasligi, xodimlar vaqtida ishga kelmasligi, o‘g‘irliklar, talon-tarojliklar avjiga chiqqani haqida xabarlar tarqalgan edi. Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning Andijon viloyatidagi mintaqaviy vakili Gulnora Abduvoxidova ishchi guruh tuzib, holatni joyiga chiqib o‘rgandi.

110 o‘ringa mo‘ljallangan mazkur muassasada hozirda 95 nafar keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar istiqomat qilayotganligi aniqlandi.

Mintaqaviy vakil muassasada yashayotgan ko‘plab keksalar bilan shaxsan suhbatlashib holatni o‘rganganida ular yaratilgan sharoitlar, ko‘rsatilayotgan eʼtibordan mamnun ekanliklarini bildirishdi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, bir necha yildan buyon bir necha marotaba shu kabi yolg‘on uydirmalar tarqatilgan, tekshiruvchilar kelib tekshirishganida hech qanday kamchiliklar topa olishmagan.

Ahrortv telegramm kanali orqali tarqatilgan xabarning asosiy qahramoni bo‘lgan va ushbu  “Saxovat uyi”da yashovchi Azimjon Hakimov bilan ham suhbatlashilganda, u ham muassasadagi sharoitlar juda yaxshi ekani, shu kunga qadar davlat hisobidan bir necha marotaba jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgani va shifokor hamda hamshiralardan mamnun ekanini bildirdi.

Monitoring davomida Andijon “Saxovat” internat uyida yashovchi qariyalarning yashash xonalari, ovqatlanish, dam olishi, tibbiy yordam ko‘rsatish sharoitlari, shuningdek, kutubxona va sport zallari ko‘zdan kechirildi va kamchiliklar aniqlanmadi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati