Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Anomal sovuq kunlarida yopiq muassasalardagi sharoitlar o‘rganildi
Mamlakatimizda ob-havoning keskin pasayib ketishi jamiyat hayotida qator qiyinchiliklarni keltirib chiqargani hech kimga sir emas. Ushbu jarayonda harakatlanish erkinligi cheklangan yopiq muassasalarda saqlanayotgan shaxslarning yashash sharoitlarini o‘rganish maqsadida Ombudsmanning hududlardagi mintaqaviy vakillari tomonidan  monitoring tashriflari amalga oshirildi.

Xususan, 2023 yilning 12 va 14 yanvar kuni Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning Xorazm viloyatidagi mintaqaviy vakili Odilbek Ollayorov Respublika ixtisoslashtirilgan narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot Markazining Xorazm viloyati mintaqaviy filiali hamda 11-son tergov hibsxonasiga monitoring tashriflarini amalga oshirdi.

Narkologiya Markazining Xorazm viloyati mintaqaviy filialining issiqlik, elektr energiyasi va gaz bilan taʼminlanishi tekshirilganda muassasa binosi ikkita ko‘mirda ishlaydigan isitish qozondan foydalangan holda isitilishi, yetarli miqdorda ko‘mir zaxirasi bilan taʼminlanganligi aniqlandi.

Bemorlar davolanayotgan xonalarda, xizmat xonalarida va umumfoydalaniladigan xonalarda harorat belgilangan meʼyordan pastroq ekanligi maʼlum bo‘ldi.

Shuningdek, elektr energiyasi taʼminotida jadval asosida uzilishlar mavjudligi, bunday holatlar uchun elektr energiyasi bilan mustaqil taʼminlash choralari ko‘rilganligi, filialni issiq suv bilan taʼminlash uchun suv isitish uskunalari bilan jihozlanganligi aniqlandi.

Muassasa rahbariyatiga filial binosini isitishda foydalanilayotgan ko‘mirda ishlashga mo‘ljallangan isitish qozonlarini zamonaviy, tejamkor qozonlarga almashtirish tavsiya qilindi.

Bemorlar bilan alohida suhbatlashilganda muassasa xodimlariga va daʼvolash sharoitlariga nisbatan eʼtiroz, shikoyatlar bildirilmadi.

Filial tekshirish kunida zarur bo‘lgan barcha dori-darmonlar bilan taʼminlanganligi, ular tanlab tekshirilganida yaroqlilik muddatlari o‘tmaganligi maʼlum bo‘ldi.

11-son tergov hibsxonasida saqlanayotgan mahbuslarni saqlash va yashash sharoitlarini o‘rganilganda kameralardagi isitish jihozlari soz holatda ishlayotganligi aniqlandi. Lekin, kamera devorlarining va tomining bir qismi yemirilishga uchrab, taʼmirtalab holatga kelib qolganligi sababli hibsxona rahbariyatiga aniqlangan kamchilikni bartaraf etish bo‘yicha tavsiya berildi.

Mahkumlar bilan suhbatlashilganda ham ularni saqlash sharoitlari va hibsxona xodimlariga nisbatan hech qanday shikoyatlar bo‘lmadi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati