Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Ombudsman jamoat tartibini saqlashga masʼul bo‘lgan xodimlarni xizmat paytida ortiqcha xis-hayajonga berilmaslikka chaqiradi
Xabaringiz bor, 2023 yilning 20 yanvar kuni ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyati Asaka tumanidagi gaz quyish shaxobchalaridan birida ichki ishlar organlari xodimi fuqaroga kuch ishlatayotgani tasvirlangan videolavha keng tarqaldi.

Mazkur holat yuzasidan, 20 yanvar kuni Andijon viloyati IIB Axborot xizmati tomonidan tezkor rasmiy munosabat berildi. Unda jamoat tartibini saqlash va tartibbuzarlikni oldini olish maqsadida biriktirilgan Andijon viloyati IIB Patrul-post xizmati xodimi safdor R.Mirzayev janjalni bartaraf etish maqsadida fuqarolarni tinchlantirishga harakat qilayotgan vaqtida, janjal sababchilari O.R. va uning akasi O.J. xodimga nisbatan haqoratli so‘zlar ishlatib, uning qonuniy talablariga bo‘ysunmay faol qarshilik ko‘rsatgani qayd etilgan.

Shuningdek, munosabatda hodisa joyida jamoat tartibi tiklanib, tartibbuzarlarga nisbatan jismoniy kuch ishlatilgan holda tuman IIBga olib kelingani va ular bilan tegishli tartibda profilaktik suhbat o‘tkazilgani aytilgan.

Rasmiy munosabatga biriktirilgan videoda janjal sababchilari O.R. va uning akasi O.J. kichik tushunmovchilik bo‘lgani, ularga nisbatan og‘ir tan jarohati yetkazilmagani va xodimga hech qanday eʼtirozlari yo‘qligini maʼlum qilishgan.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) eʼtiborini tortgan ushbu holat nazoratga olinib, uning Andijon viloyatidagi mintaqaviy vakili tomonidan 20 yanvar kuni joyiga chiqib o‘rganildi.

Ijtimoiy tarmoqlarda jabrlanuvchi sifatida ko‘rsatilgan aka-uka O.R. va O.J.lar hamda ularning yaqin qarindoshlari bilan suhbatlashilganda, ular xaqiqatdan xam xech kimning tazyiq va zo‘rvonligisiz, o‘z xohishlari bilan raddiya berganliklarini malum qilishdi.

Hozirda ushbu holat yuzasidan Asaka tumani prokuraturasi tomonidan tergov oldi surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Videoxabarda fuqarolarga jismoniy kuch ishlatgan xodimga nisbatan viloyat IIB tomonidan xizmat tekshiruvi tayinlangan.

Ombudsman jamoat tartibini saqlash va tartibbuzarliklarni oldini olishga masʼul bo‘lgan xodimlarni xizmat paytida ortiqcha xis-hayajonga berilmasdan, o‘z vakolatlari doirasida ish tutishga chaqiradi.

O‘zaro janjal paytida qo‘pol muomalada bo‘lgan fuqarolarga nisbatan jismoniy kuch ishlatish so‘nggi chora sifatida, tegishli normativ-hujjatlarga muvofiq qo‘llanilishi zarur.

 Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati