Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman), Demokratiya va inson huquqlari instituti, Germaniya Xalq universitetlari assotsiatsiyasi (DVV)ning mamlakatimizdagi bo‘limi tomonidan tashkil etildi.
Anjumanda loyihani hayotga joriy qilish va penitensiar tizim faoliyati bo‘yicha hamkorlikni mustahkamlash masalasi muhokama qilindi, ilg‘or g‘oyalarni ilgari surish bo‘yicha Germaniya tajribasi o‘rganildi.
Loyiha muvofiqlashtiruvchisi A.Goroxovning o‘tgan davr mobaynida amalga oshirilgan ishlar haqidagi hisoboti tinglandi.
2022 yil noyabr oyida hamkorlarning Germaniya Federativ Respublikasiga o‘quv safari uyushtirilib, ozodlikka chiqqanlarni qayta ijtimoiylashtirish bo‘yicha nemis tajribasi o‘rganilgan edi. Ishtirokchilarga mazkur tajriba bo‘yicha taqdimot namoyish qilindi.
Tadbirda taʼkidlanishicha, mamlakatimizda fuqarolar huquqi, erkinligi kafolatini yana-da kuchaytirish, jumladan, qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash holatlariga mutlaqo yo‘l qo‘ymaslik maqsadida keng ko‘lamli ishlar yo‘lga qo‘yilgan. Xususan, 2019 yildan Ombudsman huzurida qiynoqlarni oldini olish bo‘yicha Milliy preventiv mexanizm joriy etildi. Shu kunga qadar 2019 yilda 46 marotaba, 2020 yilda 71 marotaba, 2021-yilda 177 marotaba, 2022 yilda 381 marotaba monitoring tashriflari amalga oshirildi. Natijada qiynoqqa solish holatlarining oldini olish bo‘yicha Parlament va jamoatchilik nazorati o‘rnatilishiga erishildi.
Milliy qonunchilikni xalqaro standartga muvofiqlashtirish bo‘yicha ishlar sezilarli jadallashgan. Xususan, ijtimoiy xavfsiz hamda og‘ir bo‘lmagan jinoyat sodir etib, jazo muddatini o‘tayotgan shaxslarga ilk bor saylash huquqi berildi, umumiy, qattiq, maxsus, turma tartibi va tarbiya muassasalarida saqlanayotgan shaxslarning yaqin qarindoshlari bilan telefon so‘zlashuvi, uchrashuvi hamda jo‘natma qabul qilishi soni, qariyb, ikki barobar ko‘paytirildi. Qolaversa, mahkumlar iltimosiga ko‘ra, uzoq muddatli uchrashuv qisqa muddatli uchrashuvga yoki masofali video-uchrashuvga yoxud telefon orqali so‘zlashuvga, qisqa muddatli uchrashuv esa masofali video-uchrashuvga yoki telefon orqali so‘zlashuvga almashtirilishi joriy etildi. Kam taʼminlangan oila vakili bo‘lgan jazo muddatini o‘tayotgan shaxs yuqori haq to‘lanadigan ishga jalb qilinishi taʼminlandi.
Tadbirning ikkinchi kunida ishtirokchilar Ichki ishlar vazirligi hamda Toshkent shahri probatsiya xizmatlari faoliyati bilan tanishishdi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati