Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Bolalar masalalari bo‘yicha milliy komissiyasining 2022-yildagi faoliyati yuzasidan axboroti eshitildi
Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi tomonidan Bolalar masalalari bo‘yicha milliy komissiya hamraisining 2022-yilda amalga oshirilgan faoliyati yuzasidan axboroti eshitildi.

Qayd etilganidek, bolalarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ularning jismoniy, intellektual, ma’naviy va axloqiy kamol topishiga ko‘maklashish yuzasidan muayyan ishlar amalga oshirilgan.

Jumladan, Milliy komissiya va hududiy komissiyalar tomonidan 5 497 ta muhokama o‘tkazilib, ularda bolalarning huquqlarini himoyalash bo‘yicha 12 422 ta ish ko‘rib chiqilgan. Shuningdek, 1104 ta idora va tashkilotning bolalar huquqlarini himoya qilish, qonuniy manfaatlarini ta’minlash borasidagi faoliyati o‘rganilgan va ularga nisbatan 493 ta taqdimnoma kiritilgan.

Bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaganligi uchun 5 227 nafar ota-ona ma’muriy javobgarlikka tortilgan, 2054 nafar bolaga hamda 1306 nafar ota-onaga yakka tartibda profilaktik ish olib borilishi belgilangan.

Oilalar va bolalar muassasalariga qarovsiz va nazoratsiz qolgan 11 162 nafar bola joylashtirilgan.

Ota-onalik huquqini suiiste’mol qilgani, bolalarni tarbiyalashdan, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilishdan bosh tortgani uchun 652 nafar bolaning ota-onasi ota-onalik huquqidan mahrum etilgan. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan bolalarning huquqlari va manfaatlarini kamsituvchi 29 ta holat yuzasidan tegishli nazorat o‘rnatilgan.

O‘z vaqtida tug‘ilganlik guvohnomasini olmagan 412 nafar bolaga guvohnoma berilgan. Bundan tashqari, 528 nafar bola guvohnoma olmagani aniqlanib, bu borada tegishli choralar ko‘rilmoqda.

 “Mehribonlik” uylari, Bolalar shaharchasi va “SOS” bolalar mahallalari uyushmasi qaramog‘idagi yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar oilalarga, yaqin qarindoshlari tarbiyasiga o‘tkazish natijasida 13 ta mehribonlik uyiga, 4 ta bolalar shaharchasi va 4 ta bolalar uyiga ehtiyoj qolmagani uchun ularning faoliyati tugatilgan. 

Uy-joyga muhtoj yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar uchun 2022 yilda 397 ta uy-joy xarid qilingan. Shu maqsadda  Davlat budjetidan 57 mlrd so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan. 

Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning orzu-istaklarini ro‘yobga chiqarishga ko‘maklashish bo‘yicha “Mehr daftari” tizimi yo‘lga qo‘yilib, “Mehr daftari” jamg‘armasiga 86,1 mlrd so‘m mablag‘ ajratilgan. 

Amalga oshirilgan ishlar bilan bir qatorda hal etilishi zarur bo‘lgan muammolar ham mavjudligi Qo‘mita majlisda alohida ta’kidlandi.

Majlis so‘ngida mavjud kamchiliklarni hal etish, ayniqsa, 2023–2030 yillar davomida O‘zbekistonda ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni joylashtirish tizimini deinstitutsionalizatsiya qilish bo‘yicha Milliy strategiya hamda tegishli Harakatlar rejasini tasdiqlash hamda uning ijrosini ta’minlash bo‘yicha  mas’ul  ijrochilar bilan yaqin hamkorlikda faoliyat olib borish yuzasidan tegishli Qo‘mita qarori qabul qilindi.

senat.uz