Ombudsmanning Surxondaryo viloyatidagi mintaqaviy vakili Abdurashid Artikov shu yilning yanvar oyida Termiz shahar 9-sonli tergov hibsxonasiga qilgan monitoring tashrifi davomida ajrashgan va 4 nafar farzandning onasi bo‘lgan mahkuma U.Z. murojaat qilgan edi. Muqaddam farrosh bo‘lib ishlagan mahkumaning so‘zlariga ko‘ra, bir guruh shaxslar uning soddaligidan foydalanib, nomiga MCHJ ochishgan va bankdan kredit olishgan. Ular 10 mlrd so‘mdan ortiq pul mablag‘lari noqonuniy aylantirilib, soxta tadbirkorlik bilan shug‘ullanib, 1,7 mlrd so‘mdan ortiq qo‘shimcha qiymat solig‘ini to‘lashdan qasddan bo‘yin tovlab kelgan. Kirdikorlar fosh bo‘lgach, Buxoro viloyat prokuraturasi tomonidan 2022 yil 14 oktyabr kuni yolg‘iz onaga firib bergan shaxslar bilan birga, murojaatchi U.Z.ga ham “qamoqqa olish” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Jinoyat ishlar bo‘yicha Termiz shahar sudining 2022 yil 23 dekabrdagi Hukmiga asosan, murojaatchi U.Z.ga 3 yil 6 oy, qolganlarga 4-7 yilgacha ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlangan.
Mahkuma U.Z. uning nomiga ochilgan MCHJda faoliyat yuritmaganligini, barcha buxgalteriya ishlari yuqorida ko‘rsatilgan shaxslar tomonidan unga bildirmasdan yuritib kelinganligi, biror rasmiy hujjatlarga imzo qo‘ymaganligini va ushbu faoliyatidan hech qanday foyda ko‘rmaganligini bildirib, mintaqaviy vakildan jazo chorasini inson tamoyillariga muvofiq tayinlanishida va viloyat sudining Jinoyat ishlar bo‘yicha Apellyatsiya instansiyasi sudlov hayʼati tomonidan o‘tkazilgan sud majlislarida ishtirok etishni so‘ragan.
Ombudsmanning Surxondaryo viloyatidagi mintaqaviy vakili Abdurashid Artikov bir necha marotaba viloyat sudining Jinoyat ishlar bo‘yicha Apellyatsiya instansiyasi sudlov hayʼati tomonidan o‘tkazilgan sud jarayonlarida ishtirok etdi. Sudda sudya tomonidan Ombudsman mintaqaviy vakiliga ham so‘z berilib, uning fikrlari ham tinglangan. Ombudsman vakili 4 nafar farzandni yolg‘iz voyaga yetkazayotgan va soddaligi sababli shu shunday vaziyatga tushib qolgan ayolga insonparvarlik tamoyillari asosida yengillik berilishini so‘ragan.
Sud hayʼatining 2023 yil 13 mart kunidagi ajrimiga ko‘ra mahkuma U.Z.ga uning ijtimoiy holatidan kelib chiqib, O‘R JKning 72-moddasini qo‘llab 1 yil muddatga sinov sharti bilan shartli jazo tayinlandi va sud zalidan ozod etildi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati