Bosimga uchragan o‘qituvchi murojaati ijobiy hal etildi
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning Andijon viloyatidagi mintaqaviy vakili nomiga Buloqboshi tumanida yashovchi fuqaro O.Q.dan ish faoliyatida mehnat huquqlarining buzilayotgani bo‘yicha murojaat kelib tushdi. Tumandagi maktablardan birida matematika fani o‘qituvchisi sifatida faoliyat yuritadigan murojaatchining so‘zlariga ko‘ra, shu maktabning o‘quv tarbiya ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari ish boshlaganidan buyon yig‘ishlarda uni obro‘sizlantirishgat harakat qilib kelgan va unga bosim o‘tkazish orqali dars soatlarini o‘z tanishlariga o‘tkazib bergan.
Fuqaro O.Q.ning murojaati nazoratga olinib, viloyat Xalq talimi boshqarmasi bilan birgalikda ishchi guruh tuzilgan holda o‘rganildi. O‘rganish davomida direktor o‘rinbosarining ish faoliyatida qator kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgani aniqlanib, murojaatchidan qonunga zid ravishda olingan o‘quv soatlari o‘ziga qaytarildi.
Bugungi kunda maktab direktori o‘rinbosari esa, egallab turgan lavozimidan ozod etilgan.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Axborot xizmati