Qayd etish lozimki, Ombudsmanga yuborilayotgan fuqarolar murojaatlari ayollar, yoshlar, keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslarga belgilangan huquq va imtiyozlardan bexabar ekanliklarini ko‘rsatdi. Yuqoridagilardan kelib chiqib, Ombudsman instituti mintaqaviy vakili tomonidan murojaatlar shahar, tumanlar kesimida tahlil qilindi va aholining huquqiy xabardorligini oshirishga zarurat bo‘lgan sohalar tanlab olindi.
2023 yilning 25 aprel kuni Farg‘ona viloyati Beshariq tumanida navbatdagi “Ombudsman maktabi” tadbiri o‘tkazildi. 200 dan ortiq fuqarolar qamrab olingan tadbirda Yangi Mehnat kodeksining mazmun-mohiyati, xotin qizlar va bolalar huquqlarini himoya qilish haqida qabul qilingan qonunchilikdagi imtiyozlar hamda yoshlar bandligini taʼminlash borasidagi islohotlar haqida so‘z bordi.
Davra suhbatida Farg‘ona viloyati Beshariq tuman adliya bo‘limi, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Farg‘ona viloyati Kengashi, Viloyati Oila va xotin-qizlar boshqarmasi va tuman hokimligi vakillari maʼruza bilan ishtirok etishdi.
Tadbirda so‘z olgan, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ning Farg‘ona viloyati mintaqaviy vakili Alisher Kamilov fuqarolarga murojaatlar bilan ishlash va harakatlanish erkinligi cheklangan yopiq muassasalarga amalga oshirayotgan monitoring tashriflari haqida maʼlumot berdi. Shuningdek, Ombudsman mintaqaviy vakiliga murojaat qilish usullariga ham to‘xtaldi.
O‘zaro muloqotlar davomida tanlangan sohalar va masalalar bo‘yicha faoliyat yuritadigan vakolatli davlat organlariga asoslantirilgan murojaatlarni kiritish va ularni ko‘rib chiqish tartibi bo‘yicha aholining huquqiy madaniyati oshiriladi. Bu esa fuqarolarga amaliy va manzilli yordam ko‘rsatishda davlat organi va aholi o‘rtasida konstruktiv aloqalarning o‘rnatilishiga xizmat qiladi.
Erkin muloqot ruhida o‘tgan tadbirda navbatdagi Ombudsman maktablarida ko‘tarilishi zarur bo‘lgan sohalar bo‘yicha ham takliflar olindi.
Tadbirda so‘z olgan “Ariqboshi”, “Qoraqo‘yli” va “Buloqboshi” mahalla fuqarolar yig‘ini raislari ham inson huquqlarini taʼminlashda aholining huquqiy xabardorligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarning muhim ekanligiga eʼtibor qaratdilar. Shuningdek, bu kabi tadbirlarni o‘tkazishda Ombudsman instituti mintaqaviy vakili bilan hamkorlikda ishlashga tayyorliklarini bildirishdi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Axborot xizmati