Shuningdek xabarda, O‘zbekiston Respublikasi JKning 251-moddasi kuchli taʼsir qiluvchi yoki zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda egallash jinoyatini sodir etishda gumonlanib, Toshturmada saqlanayotgan 29 yashar Hasanboy Abdunabiyevga nisbatan sodir etilgan qiynoq natijasida u salkam nogironga aylanib qolgani bayon etilgan. Hasanboy Abdunabiyev JKning 2511-moddasi, yaʼni Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalar hisoblanmaydigan kuchli taʼsir qiluvchi yoxud zaharli moddalarni o‘tkazish maqsadida qonunga xilof ravishda tayyorlash, qayta ishlash, olish, saqlash, tashish yoki jo‘natish, xuddi shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish yoxud ularni o‘tkazish maqsadida tayyorlash yoxud qayta ishlash uchun asbob-uskunalarni tayyorlash, olish, saqlash, tashish, jo‘natish yoki o‘tkazish bo‘yicha gumonlangan.
Shuni maʼlum qilamizki, Ombudsmanga advokat U.M.ning himoyasi ostidagi Hasanboy Abdunabiyev qiynoqqa solinganligi haqida yuborgan murojaati tezkorlik bilan ijroga qaratilib, 1 may kuni ushbu murojaat O‘zbekiston Respublikasi JPK talablari asosida ko‘rib chiqish uchun Bosh prokuraturaga Ombudsmanning alohida nazorat xati orqali yuborilgan.
Shuningdek, Ombudsman va uning huzuridagi Jamoatchilik guruhlari vakillari tomonidan xabarlarda qayd etilgan shaxslar bilan uchrashib, holi tarzda suhbatlashishlari uchun navbatdan tashqari monitoring tashrifini tashkil qilish ham rejalashtirildi.
Qayd etish lozimki, Ombudsmanga yuborilgan qiynoqqa oid murojaatlar, jumladan ijtimoiy tarmoqlarda eʼlon qilingan xabarlar darhol nazoratga olinadi va o‘rganiladi. Albatta o‘rganish natijalari bo‘yicha, xususan yuqoridagi murojaat yuzasidan jamoatchilik xabardor qilinadi.
Maʼlumot uchun: Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (ombudsmanning) Qiynoqlarni oldini olish bo‘yicha 2022 yilda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan maʼruzasi bilan ombudsman.uz sayti orqali tanishingiz mumkin.
Shuningdek, Ombudsman boshchiligida harakatlanish erkinligi cheklangan yopiq muassasalarga o‘tkaziladigan monitoring tashriflariga ham jamoatchilik vakillari bilan birgalikda OAV va blogerlar ham jalb etilib, ochiq va shaffof tarzda yoritib boriladi.
Eslatib o‘tamiz, Ombudsman huzuridagi qiynoqlarni oldini olish bo‘yicha Jamoatchilik guruhlari tarkibiga tajribali, bilim va saviyasi yuqori bo‘lgan huquq faollari, jumladan, “Gumanitar huquqiy markaz” direktori Shuxrat Ganiyev, “Huquqiy tayanch” nodavlat notijorat tashkiloti raisi Aʼzam Farmonov, “Mintaqaviy muloqot” Xalqaro nodavlat notijorat tashkilotining raisi Bexzod Sharipov, Shvetsiya tashkiloti “Markaziy Osiyo Uyushmasi” Jamiyatining O‘zbekistondagi vakolatxonasi direktori Gulnoz Mamarasulova, Respublika “Istiqbolli avlod” ijtimoiy axborot markazi raisi Nodira Karimova, “Sharq ayoli” xalqaro ayollar jamoat fondi raisi Saodat Tursunboyeva, psixolog Shoira Isakova hamda turli sohalarda faoliyat yurituvchi yetakchi olim va mutaxassislar, jamoatchilikning faol vakillari kiritilgan.
O‘zbekiston inson qadr-qimmatini yerga uradigan, insoniylikka zid bo‘lgan qiynoqlarning har qanday ko‘rinishiga qarshi kurash yo‘lini tanlagan. Shu nuqtai nazardan qiynoqqa oid murojaatlar alohida nazorat ostida bo‘ladi. Ombudsman qiynoq holatlarini oldini olish va bartaraf etish tarafdori.
Hurmatli fuqarolar yangilik va xabarlar bilan tanishayotganingizda rasmiy manbalarga murojaat qilishingizni so‘raymiz.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati