Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Xorazmdagi tergov hibsxonasi sharoitlari o‘rganildi
2023 yilning 29 may kuni Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning Xorazm viloyatidagi mintaqaviy vakili Odilbek Ollayorov 11-son tergov hibsxonasiga monitoring tashrifini amalga oshirdi.

Monitoring tashrifida mintaqaviy vakil mahbuslar uchun qisqa muddatli uchrashuv va telefon so‘zlashuv xonalarida yaratilgan shart-sharoitlar, pochta va banderollarni qabul qilish jarayoni, mahbuslarni ushlab turish, tergov va advokatlar bilan uchrashuv xonalari, oshxona va tibbiyot bo‘limlarini ko‘zdan kechirdi.

Hibsxona hududi, oshxonadagi sharoitlar o‘rganilganda baʼzi jihozlar eskirib, yaroqsiz holga kelib qolganligi aniqlandi. Shuningdek, mahbuslarga belgilangan menyu asosida 3 mahal ovqat berilayotgani va sifatli oziq-ovqat mahsulotlaridan foydalanilayotgani maʼlum bo‘ldi.

Hibsxonada saqlanayotgan 2 nafar mahkumning so‘roviga ko‘ra, Ombudsman mintaqaviy vakili ularni yakka tartibda qabul qildi. Dastlabki tergov va sud hukmidan noroziligini bildirgan mahkumga huquqiy tushuntirish berildi, oila aʼzolari bilan telefon orqali gaplashishda yordam so‘ragan murojaatchi masalasi joyida hal etildi.

O‘rganish davomida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tegishli tergov hibsxonasi rahbariga zaruriy tavsiyalar berildi.

Muassasaning xo‘jalik bo‘limida jazoni o‘tash uchun qoldirilgan mahkumlar bilan suhbatlashilganda ulardan yashash, ish sharoitlari yuzasidan, shuningdek muassasa rahbariyati va xodimlariga nisbatan shikoyatlar kelib tushmadi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati