Murojaatchi ayolning maʼlum qilishicha, 2021 yilda turmush o‘rtog‘i vafot etgan va hozirda 3 nafar farzandning yagona boquvchisi hisoblanadi. Jizzaxlik fuqaro A.B. murojaatchining marhum turmush o‘rtog‘idan qarzdor bo‘lgan. Fuqarolik ishlari bo‘yicha Jizzax viloyati Paxtakor tuman sudining 2022 yil 12 fevraldagi zarar undirish to‘g‘risidagi ijro hujjati Byuroning Jizzax viloyati Paxtakor tuman bo‘limiga 2022 yilning avgust oyida kelib tushgan. Lekin, shu kunga qadar qarzdorlik undirilmagan.
Murojaatchi arizasida qarzdor A.B.ning “Cobalt” rusumli avtomobili Paxtakor tumanida erkin harakatlanib yurgan bir paytda Paxtakor tuman MIB xodimlari sud qarorini ijro etish uchun borib, xolislar ishtirokida avtotransport vositasi yo‘qligi haqida dalolatnoma tuzib, undiruvchiga yuborish bilan cheklanganini qayd etgan.
Mazkur murojaat Ombudsman nazoratiga olingach, holat Jizzax viloyat prokuraturasi tomonidan o‘rganildi. Aniqlanishicha, ijro hujjati bo‘yicha qarzdorning O‘zbekiston Respublikasidan chiqish huquqlari vaqtincha cheklangan, qarzdor nomida undiruvga qaratish mumkin bo‘lgan “Cobalt” rusumli avtotransport vositasi borligi aniqlangan va unga nisbatan onlayn taqiq qo‘yilgan.
Ushbu avtotransport vositasini topish bo‘yicha davlat ijrochisi tomonidan ko‘rilgan choralar natijasiz bo‘lganligi bois avtomashinaga nisbatan 2023 yil yanvar oyida qidiruv eʼlon qilingan va qaror ijro qilish uchun Jizzax viloyat IIB JXX YHXBga yuborilgan.
Jizzax viloyat prokuraturasining Ombudsmanga maʼlum qilishicha, murojaatni ko‘rib chiqish davomida 2023 yil 29 mart kuni qarzdor hisobidan undiruvchi foydasiga 43,4 mln so‘mdan 1,7 mln so‘m undirilishi taʼminlangan.
Hozirda qolgan qarzni undirish bo‘yicha ijro harakatlari olib borilmoqda.
Bundan tashqari, davlat ijrochisiga nisbatan sud hujjati ijrosini taʼminlashda masʼuliyatsizlikka yo‘l qo‘yganligi uchun intizomiy javobgarlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atilgan.
Ushbu murojaat Ombudsman nazoratida. Ombudsman xodimlari murojaat egasi, 3 nafar farzandning yagona boquvchisi bo‘lgan beva ayol bilan bog‘lanishganda, aprel-may oylarida hech qanday qarzdorlik undirilmagani maʼlum bo‘ldi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, Ombudsman MIBning Jizzax viloyati Paxtakor tuman bo‘limi xodimlaridan qarzdorlikning qolgan qismini ham marhum undiruvchining turmush o‘rtog‘iga undirilishida sustkashlikka yo‘l qo‘ymasliklarini so‘raydi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati