Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Ombudsman aralashuvi bilan Muruvvat uyidagi nogironligi bo‘lgan ayollarga shaxsini tasdiqlovchi hujjat berildi
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ga Buxoro Muruvvat nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ayollar internat uyida yashab kelayotgan bir guruh ayollar shaxsini tasdiqlovchi hujjatini rasmiylashtirilishida yordam so‘rab murojaat qilgan edi.

Aniqlanishicha, qariyb 35 yildan buyon ushbu muassasada istiqomat qilayotgan 5 nafar nogironligi bo‘lgan ayollarning na tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi va na shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari bo‘lmagan. Ular 1995 yillarda tibbiy varaqa orqali Muruvvat uyiga qabul qilingan. Murojaatchilar shu kunga qadar shaxsini tasdiqlovchi hujjat olish masalasi bir necha marotaba ko‘tarilgan bo‘lsada ijobiy natija bo‘lmayotganligini maʼlum qilishgan.

Mazkur masala Ombudsman nazoratiga olinib, uning Buxorodagi mintaqaviy vakili Abira Huseynova tomonidan o‘rganildi. 6 oylik o‘rganishlardan so‘ng, FHDYO organlari ushbu ayollarning tug‘ilganlik faktini belgilash uchun hujjatlar yetarli bo‘lmaganligi sabab shaxsni tasdiqlovchi hujjat berish masalasini ko‘rib chiqishni rad etdi. Shundan so‘ng, nogironligi sabab ularning layoqatsizligi hisobga olinib Ombudsman tomonidan  fuqarolikni belgilashni so‘rab fuqarolik ishlari bo‘yicha Buxoro tumanlararo sudiga ariza kiritildi.

Mazkur masala Muruvvat uyida sayyor sud majlisida ko‘rib chiqildi. Sud tomonidan 5 nafar fuqaro manfaatida kiritilgan Ombudsman arizasi to‘liq qanoatlantirildi.

Barcha tegishli hujjatlar asosida fuqarolarga ID kartalar rasmiylashtirildi va egalariga topshirildi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati