Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Andijon viloyatida aholining huquqiy xabardorligini oshirishga qaratilgan tadbir tashkil etildi
"O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida"gi Qonunning 20 prim 2 moddasida Vakil fuqarolarning inson huquqlari va erkinliklari sohasida O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, boshqa normativ-huquqiy hujjatlari va xalqaro shartnomalari, xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan prinsiplari hamda normalari to‘g‘risidagi bilimi va xabardorligini oshirish chora-tadbirlarini ko‘rishi belgilangan.

Qolaversa, Davlat rahbarining 2021 yil 11 sentyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga ko‘ra, Ombudsmanning eng ustuvor vazifalaridan biri sifatida aholi orasida inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash hamda himoya qilish sohasidagi xalqaro va milliy qonunchilik normalarini targ‘ib qilish, shuningdek, aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirishga ko‘maklashish belgilangan.

Shu nuqtai nazardan respublika bo‘ylab aholining huquqiy xabardorligini oshirishga qaratilgan “Ombudsman maktabi” loyihasi amalga oshirilmoqda.

2023 yilning 25 iyul kuni Andijon viloyatining Bo‘ston tumanidagi “Pillakor” mahalla fuqarolar yig‘ini faollari uchun mehnat munosabatlari, kambag‘allikni qisqartirish hamda xotin-qizlar va bolalarning qonuniy manfaatlarini ishonchli himoyasi masalalariga bag‘ishlangan Ombudsman maktabi tadbiri o‘tkazildi. 150 nafar ishtirokchilarni qamrab olgan tadbirda tuman fuqarolar yig‘inlari raislari, xotin-qizlar va mahalla faollari hamda tegishli tashkilotlar vakillari ishtirok etishdi.

“Ombudsman maktabi” loyihasini amalga oshirishdan maqsad – aholini mamlakatimizda inson huquq va erkinliklarini himoya qilish sohasidagi tub o‘zgarishlar to‘g‘risidagi xabardorligini oshirishdan iborat. Sababi fuqarolar o‘z huquqlarini yaxshi bilmas ekanlar, ularni talab qila olmaydilar. Natijada qonun buzilish yoki uni chetlab o‘tish holatlari ko‘payishi mumkin.

Qayd etish lozim, so‘nggi yillarda barcha sohalar qatori mehnat munosabatlari tizimida ham salmoqli o‘zgarishlar bo‘ldi. Sohaga institutsional, tashkiliy-huquqiy, qonunchilik, norma ijodkorligi hamda xalqaro standartlarni joriy etish bo‘yicha keng ko‘lamli tizimli ishlar olib borildi.

Tadbirdan so‘ng Ombudsmanning Andijon viloyatidagi mintaqaviy vakili Gulnora Abduvohidova fuqarolar bilan sayyor qabul o‘tkazdi. Sayyor qabulda 15 nafar fuqarolar turli masalalarda murojaat qilishdi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Axborot xizmati