Shunga ko‘ra, joriy yilning 10 avgust kuni Ombudsman hamda uning huzuridagi Qiynoq holatlarini aniqlash va ularning oldini olish bo‘yicha Jamoatchilik guruhlari aʼzolari tomonidan Namangan viloyatidagi 6-son jazoni ijro etish koloniyasiga monitoring tashrifi amalga oshirildi.
Monitoringda mahalliy va xorijiy nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati instituti vakillari, jumladan, «Huquqiy tayanch» NNT, «Demokratiya va inson huquqlari instituti» NNT«Gumanitar huquqiy markaz» NNT, “Yuksalish” umummilliy harakati, Shvetsiya tashkiloti «Markaziy Osiyo Uyushmasi» Jamiyatining O‘zbekistondagi vakolatxonasi, “Madad” NNT, “Hunarmand” uyushmasi Namangan viloyati boshqarmasi vakillari, shuningdek, inson huquqlari bo‘yicha yurist va OAV ham bevosita ishtirok etib, muassasadagi sharoitlar bilan tanishishdi.
Qayd etish lozimki, Ombudsman boshchiliga o‘tkazilgan avvalgi monitoringlarda ushbu muassasada mаhkumlarning ovqatlanish va yuvinish honalaridagi sharoitlarni yaxshilash, nogironligi bo‘lgan shaxslarga qo‘shimcha sharoitlar yaratish bo‘yicha tavsiyalar berilgan edi. Shuningdek, o‘tgan yili o‘tkazilgan monitoring tashriflari doirasida mahkumlar orasida anonim so‘rovnoma o‘tkazilib, so‘rovoma natijalari yuzasidan taklif va tavsiyalar ishlab chiqilgan. Bu galgi tashrifda ayni jixatlarga eʼtibor qaratildi.
Tashrifi davomida, koloniyaning yotoq joylari, oshxona, kutubxona, davolash bo‘limi, uzoq va qisqa muddatli uchrashuv xonalari, ishlab chiqarish hududidagi sharoitlar o‘rganildi. Monitoringda Ombudsman tomonidan berilgan tavsiyalar inobatga olingani, oshxona va yuvinish xonalari qayta taʼmirlangani va nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun barcha kirish joylariga belgilangan gradusdagi panduslar o‘rnatilgani aniqlandi.
Maʼlumot uchun hozirgi kunda muassasada 25 nafarga yaqin nogironligi bo‘lgan mahkumlar saqlanmoqda. Shuningdek, muassasasa kutubxonasida ham brayl alifbosidagi kitoblar mavjudligi aniqlandi.
Taʼkidlash lozimki, joriy yilda Ombudsmanning Namangan viloyatidagi mintaqaviy vakili tomonidan “Hunarmand” uyushmasi Namangan viloyati boshqarmasi bilan hamkorlikda viloyatning Pop tumanidagi ushbu 6-son Jazoni ijro etish koloniyasida jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlar uchun hunarmandchilikning “Metall buyumlarni yasash” yo‘nalishi bo‘yicha 2 oylik o‘quv kursi tashkil etilgan. Mazkur o‘quv kursini tamomlagan 56 nafar mahkumlarga sertifikatlar topshirilgan. Monitoring tashrifi doirasida yangi hunarga o‘rgatilgan yana 10 nafarga yaqin mahkumlarga sertifikatlar topshirildi.
Shuningdek, mahkumlar bilan jamoaviy va yakka tartibdagi suhbatlar o‘tkazildi. Nonvoyxonada ishlayotgan mahkum ushbu muassasaga kelib, nonvoychilik kasbini yaxshilab o‘zlashtirgani va o‘z biznes rejasini ishlab chiqqani, ozodlikka chiqqach tadbirkorlik bilan shug‘ullanishini maʼlum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, nonvoychilik orqasidan har oyda 900 ming so‘m oylik maoshini oladi.
Monitoringdan so‘ng, Ombudsman yakka tarzda murojaat qoldirishni istagan mahkumlar uchun sayyor qabul o‘tkazdi. Mahkumlar murojaatlarining aksariyati sud-tergov jarayonlari bilan bog‘liq. Davolanish borasida yordam so‘ragan mahkumlar murojaatlari joyida hal etildi.
Maʼlumot uchun, qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarining olish maqsadida 2023 yil 1-yarim yilligida Ombudsman va uning huzuridagi Jamoatchilik guruhlari tomonidan harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga 348 marotaba monitoring tashriflari amalga oshirilgan. 2022 yilning 1-yarim yilligida bu ko‘rsatkich 156 marotabani tashkil etgan.
Monitoring tashrifi davomida aniqlangan kamchiliklar yuzasidan ularni o‘z vaqtida bartaraf etilishini taʼminlash maqsadida mutasaddi vazirlik va idoralarga Ombudsmanning tavsiyalari kiritiladi.
Eslatib o‘tamiz, Ombudsman tomonidan qiynoqlarni oldini olish bo‘yicha monitoring tashriflari yakuni yuzasidan tayyorlangan tahliliy maʼlumotlar, jumladan monitoring jarayonida aniqlangan kamchiliklar tegishli davlat organlari bilan bir qatorda Oliy Majlis palatalariga ham taqdim etib kelinmoqda.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati