Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) o‘z faoliyatida aholining huquqiy xabardorligini oshirishga alohida eʼtibor qaratmoqda. Chunki, Ombudsmanga yuborilayotgan murojaatlar tahlili so‘nggi yillarda aholining ijtimoiy himoyasini mustahkamlash, yashash sharoitlarini yaxshilash borasidagi islohotlardan xabardor etish zarurligini ko‘rsatmoqda. Shuning uchun 2022 yildan eʼtiboran respublikaning chekka hududlarida mahallalar kesimida fuqarolarga yaratilgan imkoniyat va imtiyozlardan aholi xabardorligini oshirishga qaratilgan “Ombudsman maktabi” loyihasi amalga oshirilmoqda.
2023 yilning 22 avgust kuni Toshkent viloyati Quyi Chirchiq tumani, “Beruniy” MFY hududida mamlakatimizda aholini ijtimoiy himoya qilish hamda kambag‘allikni qisqartirish masalalariga bag‘ishlangan “Ombudsman maktabi” tadbiri o‘tkazildi.
Tadbir doirasida fuqarolar uchun bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasi tashkil etildi. 20 ga yaqin fuqarolarga ishga joylashish uchun, 10 ga yaqin fuqarolarga kasb-hunarga o‘qitish uchun yo‘llanmalar berildi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning Toshkent viloyatidagi mintaqaviy vakili tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur tadbirda “Beruniy”, “Chinobod”, “Bishkent”, “Madaniyat”, “Xo‘japiskent”, “Sergeli”, “Surum” mahallalarida yashovchi fuqarolar bilan birga mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari, xotin-qizlar faollari, hokim yordamchilari jami 120 nafar ishtirokchilar qatnashdilar.
“Ombudsman maktabi” tadbirida O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasining Toshkent viloyati Kengashi, Toshkent viloyati IIBB, “MADAD” nodavlat notijorat tashkiloti Nurafshon shahar huquqiy maslahat byurosi, Toshkent viloyati Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasi masʼullari mavzu bo‘yicha o‘z maʼruzalari bilan ishtirok etishdi.
Tadbir so‘ngida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning Toshkent viloyatidagi mintaqaviy vakili Rustam Kamalov fuqarolar murojaatlarini qabul qildi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati