Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) o‘z faoliyatida aholining huquqiy xabardorligini oshirishga alohida eʼtibor qaratmoqda. Chunki, Ombudsmanga yuborilayotgan murojaatlar tahlili so‘nggi yillarda aholining ijtimoiy himoyasini mustahkamlash, yashash sharoitlarini yaxshilash borasidagi islohotlardan xabardor etish zarurligini ko‘rsatmoqda. Shuning uchun 2022 yildan eʼtiboran respublikaning chekka hududlarida mahallalar kesimida fuqarolarga yaratilgan imkoniyat va imtiyozlardan aholi xabardorligini oshirishga qaratilgan “Ombudsman maktabi” loyihasi amalga oshirilmoqda.
2023 yilning 13 sentyabr kuni “Ombudsman maktabi” loyihasi doirasidagi navbatdagi tadbir Namangan viloyati Uchqo‘rg‘on tumanida tashkil etildi. Tadbirda “Paxtachi” , “Birlik” va “Qo‘rg‘oncha” MFY aholisi va faollari ishtirok etishdi.
Aholining huquqiy xabardorligini oshirishga qaratilgan mazkur tadbirda xotin-qizlar va bolalar huquqlarini ishonchli himoya qilish, davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish borasida qabul qilingan qonun hujjatlarining mazmun-mohiyati hamda aholini manzilli ijtimoiy muhofaza qilish yuzasidan viloyatda amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumot berildi.
“Ombudsman maktabi” loyihasi doirasida Ombudsmanning Namangan viloyatidagi mintaqaviy vakili Jahongir Valiyevning fuqarolar qabuli ham tashkil etildi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati