Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
“Ombudsman maktabi” loyihasi doirasidagi navbatdagi tadbir Xorazm viloyatining Yangibozor tumanida tashkil etildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 10 sentyabrdagi “Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga ko‘ra, Ombudsmanning ustuvor vazifalaridan biri sifatida qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar mazmun mohiyati bilan aholini tanishtirish, shu orqali aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirishga ko‘maklashish belgilangan.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) o‘z faoliyatida aholining huquqiy xabardorligini oshirishga alohida eʼtibor qaratmoqda. Chunki, Ombudsmanga yuborilayotgan murojaatlar tahlili so‘nggi yillarda aholining ijtimoiy himoyasini mustahkamlash, yashash sharoitlarini yaxshilash borasidagi islohotlardan xabardor etish zarurligini ko‘rsatmoqda. Shuning uchun 2022 yildan eʼtiboran respublikaning chekka hududlarida mahallalar kesimida fuqarolarga yaratilgan imkoniyat va imtiyozlardan aholi xabardorligini oshirishga qaratilgan “Ombudsman maktabi” loyihasi amalga oshirilmoqda.

2023 yilning 28 sentyabr kuni Xorazm viloyatida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (ombudsmanning)  Xorazm viloyatidagi mintaqaviy vakili tomonidan  “Ombudsman maktabi” tadbiri o‘tkazildi. Tadbirda “Navro‘z”, “Yangiyop”, “Do‘stlik”, “Navbahor” mahalla fuqarolar yig‘ini aholisi ishtirok etishdi.

Aholining huquqiy xabardorligini oshirishga qaratilgan mazkur tadbirda Xorazm viloyati Byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi boshqarmasi, Viloyat Yangibozor tumani Adliya bo‘limi, Yangibozor tumani hokimiyati, “Madad” muassasa shaklidagi nodavlat notijorat tashkilotining Urganch tumani huquqiy maslahat byurosi, “Yuksalish” umummilliy harakati vakillari maʼruza bilan ishtirok etishdi. Tadbirda Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi, "O‘zbekiston-2030 " strategiyasi hamda davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish borasida qabul qilingan qonun hujjatlarining mazmun-mohiyati hamda aholini manzilli ijtimoiy muhofaza qilish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida maʼlumot berildi.

Shuningdek, tadbir davomida ishtirokchilarga fuqarolarning huquqiy madaniyati va savodxonligini oshirish maqsadida eslatma tarqatildi. 

Tadbirdan so‘ng, Ombudsmanning Xorazm viloyatidagi mintaqaviy vakili Odilbek Ollayorov sayyor qabul o‘tkazdi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Axborot xizmati