Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) o‘z faoliyatida aholining huquqiy xabardorligini oshirishga alohida eʼtibor qaratmoqda. Chunki, Ombudsmanga yuborilayotgan murojaatlar tahlili so‘nggi yillarda aholining ijtimoiy himoyasini mustahkamlash, yashash sharoitlarini yaxshilash borasidagi islohotlardan xabardor etish zarurligini ko‘rsatmoqda. Shuning uchun 2022 yildan eʼtiboran respublikaning chekka hududlarida mahallalar kesimida fuqarolarga yaratilgan imkoniyat va imtiyozlardan aholi xabardorligini oshirishga qaratilgan “Ombudsman maktabi” loyihasi amalga oshirilmoqda.
2023 yilning 16 noyabr kuni “Ombudsman maktabi” loyihasi doirasidagi navbatdagi tadbir Qorovulbozor tumanida o‘tkazildi. Unda “Imom Buxoriy”, “Tinchlik” va “Cho‘lquvar” mahallalaridan 200 dan ortiq fuqarolar ishtirok etishdi.
Tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Nazir Sobirov va boshqa masʼul idoralar vakillari ishtirokchilarni “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining mazmun-mohiyati, aholini ijtimoiy himoya qilish, ekologiya va atrof-muhit muhofazasi hamda bepul yuridik xizmat ko‘rsatish borasidagi islohotlar bilan tanishtirishdi.
Shu bilan birgalikda ushbu hududlardan Ombudsmanga yuborilgan murojaatlarda ko‘tarilgan masalalarga ham alohida to‘xtalib o‘tildi.
Loyiha doirasida Ombudsman mintaqaviy vakilining fuqarolar qabuli ham tashkil etildi.
Shuningdek, tadbir yakunida Qorovulbozor tumanida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ko‘chat ekish aksiyasi ham bo‘lib o‘tdi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati