Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) o‘z faoliyatida aholining huquqiy xabardorligini oshirishga alohida eʼtibor qaratmoqda. Chunki, Ombudsmanga yuborilayotgan murojaatlar tahlili so‘nggi yillarda aholining ijtimoiy himoyasini mustahkamlash, yashash sharoitlarini yaxshilash borasidagi islohotlardan xabardor etish zarurligini ko‘rsatmoqda. Shuning uchun 2022 yildan eʼtiboran respublikaning chekka hududlarida mahallalar kesimida fuqarolarga yaratilgan imkoniyat va imtiyozlardan aholi xabardorligini oshirishga qaratilgan “Ombudsman maktabi” loyihasi amalga oshirilmoqda.
Loyiha doirasidagi navbatdagi tadbir 2023 yilning 12 dekabr kuni Xorazm viloyatining Tuproqqalʼa tumanida tashkil etildi.
Uchrashuvda ishtirok etgan masʼul idora vakillari dastlab fuqarolarni, “O‘zbekiston-2030” strategiyasining mazmun-mohiyati va undan o‘rin olgan chora-tadbirlar bilan tanishtirishdi. Shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha belgilangan imtiyozlar, aholi bandligini taʼminlash borasidagi islohotlar haqida maʼlumot berishdi.
Fuqarolar bilan bo‘lgan ochiq muloqotda, Ombudsmanga ushbu hududdan yuborilayotgan murojaatlarda ko‘tarilayotgan masalalarga alohida eʼtibor qaratildi.
Loyiha doirasida Ombudsmanning Xorazm viloyatidagi mintaqaviy vakilining sayyor qabuli ham tashkil etildi.
Fuqarolar qabulidan so‘ng, Xorazm viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi bilan hamkorlikda fuqarolar uchun tor doiradagi mutaxassislar jalb etilgan holda tibbiy ko‘rik tashkil etildi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati