Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) o‘z faoliyatida aholining huquqiy xabardorligini oshirishga alohida eʼtibor qaratmoqda. Chunki, Ombudsmanga yuborilayotgan murojaatlar tahlili so‘nggi yillarda aholining ijtimoiy himoyasini mustahkamlash, yashash sharoitlarini yaxshilash borasidagi islohotlardan xabardor etish zarurligini ko‘rsatmoqda. Shuning uchun 2022 yildan eʼtiboran respublikaning chekka hududlarida mahallalar kesimida fuqarolarga yaratilgan imkoniyat va imtiyozlardan aholi xabardorligini oshirishga qaratilgan “Ombudsman maktabi” loyihasi amalga oshirilmoqda.
Loyiha doirasidagi navbatdagi tadbir Navoiy viloyatidagi Xatirchi tumanida o‘tkazildi. Tadbirda “Mirishkor”, “Chechak ota” va “Bog‘ishamol” mahallalaridan 60 nafarga yaqin fuqaro qamrab olindi.
Tadbirda masʼul idoralar vakillari ishtirokchilarni “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining mazmun-mohiyati, aholini ijtimoiy himoya qilish, ular bandligini taʼminlash borasidagi islohotlar bilan tanishtirishdi.
Shu bilan birgalikda ushbu hududlardan Ombudsmanga yuborilgan murojaatlarda ko‘tarilgan masalalarga ham alohida to‘xtalib o‘tildi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati