Jamoatchilik guruhlari aʼzolari tarkibida nodavlat notijorat tashkilotlari, jumladan, “Yuksalish” harakati va «Huquqiy tayanch» NNT raislari ishtirok etib, muassasadagi sharoitlar bilan tanishishdi.
Tashrif davomida, mahkumlar bilan suhbatlashildi, koloniyaning yotoq joylari, oshxona, kutubxona, davolash bo‘limi, uzoq va qisqa muddatli uchrashuv xonalari, ishlab chiqarish hududidagi sharoitlar o‘rganildi.
Mahkumlarning yotoq joylari ko‘zdan kechirilganda, ushbu koloniyada jazo muddatini o‘tayotgan mahkum Dauletmurat Tajimuratov bilan ham uchrashildi. Suhbat davomida D.Tajimuratov koloniyadagi oziq-ovqat taʼminotining yaxshiligini, qiynoq yoki tazyiq o‘tkazish holatlari mavjud emasligi, davolash-profilaktika yordamini ko‘rsatish bo‘limi tomonidan tibbiy yordam kerak bo‘lganda vaqtida yordam ko‘rsatilayotganligini maʼlum qildi.
Koloniya rahbariyati bilan o‘tkazilgan suhbatlarga va amalga oshirilgan o‘rganishlarga ko‘ra, D.Tajimuratov qonunchilikda belgilangan tartibda jazo muddatini o‘tamoqda. Uning Jinoyat-ijroiya kodeksida belgilangan huquqlari taʼminlamoqda va ushbu Kodeksda belgilangan majburiyatlar tatbiq etilmoqda. Alohida cheklovlar o‘rnatilmagan yoki imtiyozlar taqdim etilmagan. Shuningdek, o‘tkazilgan suhbat davomida unga amaldagi qonunchilik talablari tushuntirib o‘tildi.
Monitoring tashrifi davomida aniqlangan kamchiliklar yuzasidan ularni o‘z vaqtida bartaraf etilishini taʼminlash maqsadida mutasaddi vazirlik va idoralarga Ombudsmanning tavsiyalari kiritiladi.
Eslatib o‘tamiz, Ombudsman tomonidan qiynoqlarni oldini olish bo‘yicha monitoring tashriflari yakuni yuzasidan tayyorlangan tahliliy maʼlumotlar, jumladan monitoring jarayonida aniqlangan kamchiliklar tegishli davlat organlari bilan bir qatorda Oliy Majlis palatalariga ham taqdim etib kelinmoqda.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati