Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Noreal qarzdorlikni undirmoqchi bo‘lgan elektr va suv taʼminoti korxonalari ustidan Ombudsmanga shikoyat yo‘llandi
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ga Toshkent viloyatidan fuqaro A.B. xonadoni elektr taʼminotidan uzib qo‘yilgani bo‘yicha Yangiyo‘l tumani elektr taʼminoti korxonasi ustidan shikoyat qildi.

Murojaat Ombudsmanning Toshkent viloyatidagi mintaqaviy vakili tomonidan o‘rganilganda, 2023 yilning sentyabr oyida murojaatchi A.B.ning otasi noqonuniy ravishda elektr taʼminotiga ulanganlikda ayblanib, tuman sudi qaroriga ko‘ra undan 18 mln so‘mdan ortiq zararni undirish belgilangani maʼlum bo‘ldi. Lekin, oktyabr oyida Toshkent viloyat sudi Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hayʼati apellyatsiya instansiyasining ajrimi bilan ushbu sud qarori bekor qilingan.

Shunday bo‘lsada, Yangiyo‘l tumani elektr taʼminoti korxonasi 2023 yilning 2 noyabr kuni qarzdorlik vaji bilan fuqaro A.B.ning xonadonini elektr taʼminotidan uzib qo‘ygan. Fuqaro A.B. sud qarorining bekor qilingani va uyini qayta elektr taʼminotiga ulash bo‘yicha Yangiyo‘l tumani elektr taʼminoti korxonasiga qilgan murojaatlari ijobiy natija bermagach, 2 oydan so‘ng Ombudsmanga shikoyat yo‘llagan.

Murojaat nazoratga olinib, fuqaroning huquqlarini tiklash bo‘yicha Elektr tarmoqlari Toshkent viloyati hududiy filialiga murojaat qilindi.

Natijada fuqaro murojaati ijobiy hal etilib, uning otasi nomidagi qarzdorlik noumid qarzdorlik sifatida “elektrhisob” dasturidan chiqarildi va murojaatchi xonadoni elektr taʼminotiga ulandi.

Ombudsmanga qarzdorlik haqidagi sud qarori bekor qilingan bo‘lsa-da, MCHJlar tomonidan inobatga olinmayotganlik holati bo‘yicha Samarqanddan ham shikoyat kelgan.

Fuqaro R.S. “Samarqand suv taʼminoti” MCHJ Samarqand shahar filiali tomonidan unga asossiz ravishda isteʼmol qilingan suvdan 7 mln so‘m qarzdorlik hisoblangani va fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudi MCHJ foydasiga ushbu qarzdorlikni undirish bo‘yicha buyruq chiqarganligi bo‘yicha murojaat qilgan.

Mazkur murojaat Ombudsmanning Samarqand viloyatidagi mintaqaviy vakili tomonidan joyiga chiqib o‘rganilganda, fuqaro R.S.ning uyida yangi suv o‘lchagich asbobi o‘rnatilgan bo‘lishiga qaramay, xodimlar avvalgi hisob raqami bo‘yicha qarzdorlik hisoblashgani maʼlum bo‘lgan.

Shundan so‘ng, murojaatchi R.S. sud buyrug‘idan norozi bo‘lib, uni apellyatsiya tartibida sudga shikoyat kiritib, 1-instansiya sud qarorini bekor qildirgan. Biroq, ushbu sud qarori ijrosi “Samarqand suv taʼminoti” MCHJ Samarqand shahar filiali tomonidan bajarilmay kelingan.

Holat yuzasidan Ombudsman tomonidan “O‘zsuvta‘minot” AJ boshqaruv raisi nomiga taqdimnoma kiritilganidan so‘ng noreal qarzdorlik bekor qilingan. Shuningdek, “Samarqand suv taʼminoti” MCHJ Samarqand shahar filialining masʼuliga nisbatan intizomiy jazo qo‘llanilgan.

2023 yilda Ombudsmanga ijtimoiy huquqlar yo‘nalishida 180 ga yaqin sud hujjatlarining davlat organlari va tashkilotlari, ularning mansabdor shaxslari tomonidan ijro qilinmaganligi bo‘yicha murojaat qilingan. Bu raqamlar Ombudsmanga maʼlum bo‘lgan holatlar xolos.

Eslatib o‘tamiz, yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 138-moddasida sud hokimiyatining hujjatlari barcha davlat organlari va boshqa tashkilotlar, mansabdor shaxslar hamda fuqarolar uchun majburiy ekani belgilangan.

Shundan kelib chiqib, Ombudsman tegishli tashkilot va idoralarga ushbu konstitutsiyaviy normaga rioya qilishga majbur ekanliklarini yana bir bor eslatadi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati