Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Parlament komissiyasida Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ning 2023 yildagi faoliyati bo‘yicha hisoboti eshitildi
2024 yilning 9 fevral kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi hamda Inson huquqlari sohasida O‘zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlariga rioya etilishi bo‘yicha Parlament komissiyasining kengaytirilgan yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning 2023 yildagi faoliyati bo‘yicha hisoboti eshitildi.

Qayd etilishicha, 2023 yilda Ombudsmanga O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, xorijiy davlatlar fuqarolari va ombudsmanlari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, jamoat tashkilotlari va boshqa yuridik shaxslardan kelib tushgan murojaatlar 2023 yilda 18622 tani tashkil etdi. Bu ko‘rstakich 2022 yilda 17761 tani tashkil etgan.

Murojaatlar hududlar kesimida tahlil qilinganda, ularning eng ko‘pi Qashqadaryo,Surxondaryo viloyatlariga hamda Toshkent shahriga, eng kam murojaatlar esa Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Sirdaryo viloyatiga to‘g‘ri keladi.

Tadbirda deputatlar Ombudsman tomonidan davlat organlari va tashkilotlari hamda sudlarga fuqarolarning buzilgan huquqlarini tiklash yuzasidan 170 ta taʼsir choralari kiritilgani, xususan, sudlarga fuqarolar manfaatida berilgan 100ga yaqin ariza va daʼvo arizalarining 98% qanoatlantirilgani, takroriy murojaatlar soni 2022 yilga nisbatan 21,0 foizga kamayganini ijobiy tajriba sifatida taʼkidlashdi.

Ombudsman 2023 yilda fuqarolarning ekologik huquq va erkinliklarini taʼminlash yo‘nalishidagi murojaatlar 2022 yilga nisbatan 2,5 barobarga oshib, 316 tani tashkil etganiga alohida eʼtibor qaratdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, murojaatlarda shaharsozlik norma va qoidalarining buzilishi natijasida ekologik zararning kelib chiqishi, sanitariya-epidemiologiya qoidalariga rioya etmaslik, toza atrof-muhitga bo‘lgan huquq, ekologik huquqlarni sud orqali himoya qilish bilan bog‘liq masalalari ko‘tarilgan.

Shu yo‘nalishdagi murojaatlar nazoratga olinishi va o‘rganilishi natijasida fuqarolarning ekologik huquqlari taʼminlanayotgani. Jumladan, aholi yashaydigan hududda joylashgan “Temir-beton ishlab chiqarish” korxonasini boshqa hududga ko‘chirilgan, Ombudsman so‘roviga asosan ekologiyaga oid talablarni buzgan huquqbuzar salkam 10 mln so‘m maʼmuriy jarimaga tortilgan.

Shuningdek, Ombudsman aholining toza havoga bo‘lgan huquqini taʼminlash maqsadida tegishli davlat idoralari va Biznes Ombudsmanga murojaat qilgani va 2024 yil uchun qator chora-tadbirlar belgilab olganini maʼlum qildi.

Ombudsmanning fuqarolarning ariza va shikoyatlarini ko‘rib chiqishi natijasida 9 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, 1 ta holatda jinoyat ishi qayta malakalangan, 16 ta holatda jinoyat ishi ko‘zg‘atishni rad etish haqida qarorlar tegishli prokurorlar tomonidan bekor qilingan. 5 nafar shaxs maʼmuriy qamoqqa olingan, 4 nafar masʼul egallab turgan lavozimidan ozod etilgan, 18 nafar xodim intizomiy jazoga va 12 nafar masʼul maʼmuriy javobgarlikka tortilgan.

Shuningdek, Parlament komissiyasi aʼzolariga Ombudsmanning qiynoqlarni oldini olish, huquqiy tahlil, xalqaro hamkorlik, huquqiy targ‘ibot va jamoatchilik bilan ishlash yo‘nalishidagi faoliyatlari yuzasidan ham maʼlumotlar berildi.

Yig‘ilish yakunida komissiya aʼzolari tomonidan Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) faoliyatini yana-da takomillashtirishga oid taklif va tavsiyalar bildirildi hamda ko‘rib chiqilgan mazkur masala yuzasidan Parlament komissiyasining tegishli qarorlari qabul qilindi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati