Unda Ombudsman hamda BMTTDning Yevropa va Markaziy Osiyo uchun Istanbul mintaqaviy markazi, Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissar boshqarmasi, Milliy inson huquqlari institutlarining global alyansi (APF), BMTTDning O‘zbekistondagi vakolatxonasi ekspertlari ishtirok etishdi.
Qayd etish lozimki, 2020 yilda Global alyans tomonidan Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) akkreditatsiyadan o‘tkazilib, unga “V” maqomi berilgan.
Dastlab, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) 2020 yilda GANHRIning tegishli qo‘mitasi tomonidan berilgan tavsiyalar bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar hamda 2021-2023 yillarda Ombudsman faoliyati samaradorligini oshirish borasidagi islohotlarga to‘xtalib o‘tdi.
Onlayn muloqotda Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissar boshqarmasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy boshqarmasining (OHCHR ROCA) mintaqaviy vakili Matilda Bogner O‘zbekistonda olib borilgan islohotlar natijasida Ombudsmanning hududlardagi mintaqaviy vakillari faoliyatining yo‘lga qo‘yilgani, murojaatlar bilan ishlash, qiynoqlarni oldini olish va ochiqlikni taʼminlash borasida mamlakatning erishgan yutuqlari, fuqarolik jamiyati institutlari bilan o‘zaro hamkorligining kuchaytirilgani, konstitutsiyaviy islohotlar jarayonida Ombudsmanga qonun tashabbusi huquqining berilgani va uning huquqiy asoslari mustahkamlanyotganligini ijobiy baholadi. Shuningdek, Ombudsmanning 2025 yilda akkreditatsiyadan o‘tkazilishi nuqtai nazaridan, uni “A” maqomini olish borasida chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqishni taklif qildi.
Yig‘ilishda so‘z olgan Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissar boshqarmasining milliy inson huquqlari institutlari sektori rahbarining o‘rinbosari, Global alyansining akkreditatsiya bo‘yicha ko‘mitasi kotibi Sinita Redert ham Ombudsman institutining mamlakatdagi inson huquqlarini taʼminlash yo‘nalishidagi ishtirokining mustahkamlangani va uni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotganiga eʼtibor qaratdi.
Shuningdek, Milliy inson huquqlari institutlarining global alyansi (APF) direktori Kiren Fispatrik va Huquqiy va siyosiy boshqaruvchi Filip Uordl, BMTTDning Yevropa va Markaziy Osiyo uchun Istanbul mintaqaviy markazi mutaxassisi Aynura Bekkoyenova, Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissar boshqarmasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy boshqarmasi O‘zbekiston ofisida Pavlo Byaliklar ham so‘z olib, o‘z fikr-mulohazalarini bildirishdi.
Mazkur uchrashuv O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (Ombudsman) hamda Finlyandiya Tashqi ishlar vazirligi moliyaviy ko‘magida amalga oshirilayotgan BMT Taraqqiyot Dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasining hamkorlikdagi “O‘zbekistonda qonun ustuvorligini mustahkamlash va inson huquqlarini himoya qilish” loyihasi doirasida tashkil etildi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati