Majlisda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning 2023-yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisoboti muhokama qilindi.
Taʼkidlanganidek, o‘tgan yilda Ombudsman o‘z faoliyatini yangi konstitutsiyaviy qoidalar asosida inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan taʼsirchan parlament nazoratini amalga oshirish, sohaga oid milliy qonunchilikni hamda milliy preventiv mexanizmni takomillashtirishga alohida eʼtibor qaratgan. Ayniqsa, fuqarolarning buzilgan huquq va qonuniy manfaatlarini taʼminlashga jiddiy yondashgan.
Hisobot davrida Ombudsman nomiga 18 622 ta murojaat kelib tushgan. Fuqarolar murojaatlari asosida ularning manfaatlariga 1,85 mlrd so‘m undirilgan. Ombudsman kotibiyati xodimlari esa fuqarolarning murojaatlari va so‘rovlari asosida sud majlislarida 249 marotaba kuzatuvchi sifatida ishtirok etishgan.
Bundan tashqari, Ombudsmanning mintaqaviy vakillari tomonidan hududlarda fuqarolarning huquq va erkinliklarini taʼminlash, shuningdek, qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish maqsadida Ombudsman nomidan davlat organlari va tashkilotlari, ularning mansabdor shaxslariga ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan ariza va daʼvo arizalari, taqdimnomalar hamda tavsiyaviy xususiyatga ega xulosalar kiritilishida bevosita ishtirok etilgan.
Senatorlar bugungi kunda qiynoqqa solish, shafqatsiz, g‘ayriinsoniy va qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlari qo‘llanilishining oldini olish maqsadida o‘tkazilgan monitoringlar soni va sifati o‘sib borayotganini ijobiy ko‘rsatkich sifatida qayd etishdi.
Shu bilan birga, aholi murojaatlarida ko‘tarilayotgan dolzarb masalalar ijobiy yechim topayotgani alohida eʼtirof etildi.
Majlisda senatorlar tomonidan Ombudsmanning faoliyatini yana-da takomillashtirish va yangi mexanizmlarni tatbiq etish hamda xorijda mehnat faoliyatini olib borayotgan vatandoshlarimiz huquqlarini taʼminlash, zarur hollarda ularga amaliy yordam ko‘rsatish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni yana-da kengaytirish, bu borada xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan taklif va tavsiyalar bildirildi.
Majlis so‘nggida ko‘rilgan masala yuzasidan Qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati