Murojaat Ombudsman nazoratiga olinib, uning Namangan viloyatidagi mintaqaviy vakili tomonidan joyiga chiqib o‘rganildi. Aniqlanishicha, murojaatchi A.D. farzandi bilan klaster ishlab chiqarish korxonasida xodimlar sonining qisqargani sababli mehnat shartnomalari bekor qilingan. Lekin, ularning 2023-yilning oktyabr, noyabr va dekabr oylari uchun ish haqlari to‘lab berilmagan.
Mazkur murojaat nazoratga olinib, ish beruvchiga huquqiy tushuntirishlar berildi. Natijada murojaatchi va uning farzandiga 26 mln so‘m miqdoridagi 3 oylik ish haqlari to‘lab berildi.
Maʼlumot uchun: O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 161-moddasiga muvofiq, mehnatga haq to‘lash muddatlari jamoa shartnomasi yoki boshqa lokal normativ hujjatda belgilanadi va har yarim oyda bir martadan kam bo‘lishi mumkin emas.
Mehnat shartnomasi ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilinganda Kodeksning 110-moddasiga ko‘ra, xodimga tegishli ish haqi, uning miqdori xususida nizo bo‘lmasa, mehnat shartnomasi bekor qilingan kunga qadar ishlayotgan xodimga, — mehnat shartnomasi bekor qilingan kuni, mehnat shartnomasi bekor qilingan kuni ishlamayotgan xodimga, — u hisob-kitob qilishni talab etgan kuni to‘lanishi kerak.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati