Murojaatchining yozishicha, u “Zangiota obodon” MCHJ Chirchiq filialida 2 yildan buyon ishlab kelgan va o‘tgan yilning noyabr oyida oylik maoshlarining vaqtida berilmasligi sababli ishdan bo‘shagan. Lekin murojaatchining 2023-yilning sentabr, oktabr va noyabr oylari uchun ish haqi hamda ishdan bo‘shatish nafaqasi to‘lab berilmagan. Fuqaro U.N.ning ish beruvchiga ushbu masala bo‘yicha qayta-qayta qilgan murojaatlari e’tiborga olinmagan.
Murojaat Ombudsman nazoratiga olindi va Toshkent viloyati Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasiga fuqaroning mehnat huquqlarining tiklanishi bo‘yicha murojaat qilindi.
Natijada murojaatchiga 8 mln so‘m miqdoridagi 3 oylik ish haqi hamda ishdan bo‘shatish nafaqasi to‘liq to‘lab berildi.
Ma’lumot uchun: O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 172-moddasiga muvofiq, Mehnat shartnomasi bekor qilinganda xodim bilan oxirigacha olinmagan ish haqi va xodim tomonidan foydalanilmagan barcha asosiy va qo‘shimcha ta’tillar uchun kompensatsiyalar hisob-kitob qilinishi kerak.
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati