Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Qisqartirishga tushgan boquvchisi yo‘q yolg‘iz ona Ombudsmanga murojaat qildi
Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ga Toshkent shahridan fuqaro I.G. ishdan noqonuniy ravishda bo‘shatilganligi bo‘yicha murojaat qilib, uning mehnat huquqlarini tiklashda yordam so‘radi.

Murojaatchining yozishicha, u “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJda muhandis-texnolog lavozimida ishlab kelgan. Mazkur tashkilotda shtat o‘zgarishi munosabati bilan murojaatchi 2 oydan so‘ng ishdan bo‘shatilish haqida ogohlantirish xati olgan. Ammo, xodimning malakasi va mehnat unumdorligi yuqori bo‘lganligi inobatga olinmay, u bilan tuzilgan mehnat shartnomasi 2024-yilning 3-yanvar kuni bekor qilingan.

Fuqaro I.G. arizasida oliy maʼlumotligi, 5 yildan buyon ushbu jamiyatda ishlagani va boquvchisi yo‘q yolg‘iz ona ekanini ham qayd etgan.

Murojaat Ombudsman nazoratiga olinib, Toshkent shahar Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bosh boshqarmasiga fuqaroning mehnat huquqlarining tiklanishi bo‘yicha murojaat qilindi.

Natijada murojaatchi I.G. “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJga operator lavozimiga ishga qabul qilindi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 167-moddasiga muvofiq, Texnologiyaning, ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etishning o‘zgarishiga, ishlar hajmining qisqarishiga bog‘liq holda tashkilot, yakka tartibdagi tadbirkor xodimlarining soni o‘zgarganligi munosabati bilan mehnat shartnomasi bekor qilinganda ishda qoldirishga doir imtiyozli huquq malakasi va mehnat unumdorligi yuqoriroq bo‘lgan xodimlarga berilishi kerak.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Axborot xizmati